Termiz shahrida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Xalqaro Step by Step assotsiatsiyasi (ISSA) hamkorligida SMART-ED loyihasi doirasida milliy trenerlar va mentor-trenerlarni tayyorlash o‘quv kursining ikkinchi bosqichi tashkil etildi.
Uch kun davom etgan seminarda Surxondaryo viloyatidagi tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 25 nafar mentor-treneri ishtirok etdi.
Mashg‘ulotlarda pedagoglarni kasbiy qo‘llab-quvvatlash, samarali muloqot va mentorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish masalalari amaliy yondashuvlar asosida o‘rganildi.
O‘quv kursi ISSA xalqaro trenerlari Zorica Trikic va Margaret Kernan, shuningdek, milliy trenerlar Dilnoza Zuparova, Shaxnoza Xasanova hamda Nargiza Qobilovalar tomonidan olib borildi.
Kurs ishtirokchilarning nafaqat nazariy bilimlarini, balki pedagoglarga metodik ko‘mak berish va ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy salohiyatini oshirishga qaratildi. Bu esa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

