Tayyorgarlik amalda sinaladi

Date:

Ofatlar oldindan ogohlantirib kelmaydi. Tabiiy ofatlar, yong‘inlar, sel-suv toshqinlari yoki kuchli shamol kabi xavfli hodisalar kutilmaganda yuz berib, inson hayoti va mol-mulkiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday vaziyatlarda har bir daqiqa, qabul qilingan har bir qaror muhim.Shu bois favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular yuz berganda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish, aholiga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish uchun doimiy tayyorgarlik zarur. Bu, ayniqsa, mas’ul xizmatlar xodimlaridan yuksak sergaklik, puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarni talab etadi.
Ana shu jihatlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2026-yil 8-sentyabrdagi tegishli buyrug‘iga asosan, joriy yilning 28-30-oktyabr kunlari Surxondaryo viloyatida boshqaruv organlari hamda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi xizmatlari ishtirokida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazilmoqda.
Mashqning asosiy maqsadi — favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda boshqaruv organlari va tegishli xizmatlarning harakatga shayligini baholash, kuch va vositalarni tezkor safarbar etish, qutqaruv ishlarini samarali tashkil qilish hamda mas’ul tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Mashg‘ulotlar davomida boshqaruv qarorlarini qabul qilish, mavjud imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish va belgilangan vazifalarni muvofiqlashgan holda bajarish jarayonlari amalda sinovdan o‘tkaziladi.
Chunki favqulodda vaziyatlarda natija faqat zarur texnika va vositalarning mavjudligi bilan belgilanmaydi. Eng avvalo, mas’ul xodimlarning vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, xavf manbayini aniqlashi, odamlarni xavfsiz hududga olib chiqishni tashkil etishi va zarur yordamni kechiktirmasdan ko‘rsatishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari ana shu ko‘nikmalarni mustahkamlash, ehtimoliy muammolarni oldindan aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini belgilash imkonini beradi.
Bu borada Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi yashash xonadonlari, mahallalar, ta’lim muassasalari, bozorlar va ishlab chiqarish korxonalarida profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishiga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, fuqarolarning xavf-xatarlarni barvaqt anglashi, favqulodda vaziyatlarda o‘zini qanday tutishni bilishi va tegishli xizmatlar ko‘rsatmalariga amal qilishiga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xavfsizlikni ta’minlash faqat maxsus xizmatlarning sa’y-harakatlariga bog‘liq emas. Aholining ham ogohligi, xavfsizlik qoidalariga amal qilishi va xavfli vaziyatda sarosimaga berilmasdan to‘g‘ri harakat qilishi ko‘plab ko‘ngilsiz oqibatlarning oldini olishga yordam beradi. Shuning uchun amaliy mashqlarda xizmatlarning tayyorgarligi bilan bir qatorda, aholi bilan hamkorlik, axborotni tezkor yetkazish va odamlarni xavfsiz hududlarga yo‘naltirish kabi masalalar ham muhim o‘rin tutadi.
Surxondaryo viloyatida o‘tkazilayotgan qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi mas’ul xizmatlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini mustahkamlash, o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish va ehtimoliy xavflarga qarshi harakatlarni oldindan muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Chunki ofatning oldini har doim ham olib bo‘lmasligi mumkin, ammo puxta tayyorgarlik, tezkor harakat va hamjihatlik orqali uning oqibatlarini kamaytirish, eng muhimi, inson hayotini asrash mumkin.

Jahongir Qosimov,
Surxondaryo viloyati FVBAxborot va jamoatchilik bilan aloqalar xizmati boshlig‘i, kapitan

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tomorqadan daromad, tikuvchilikdan bandlik

Angor tumanining "Bahor" mahallasida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini...

Taekvondochilarimiz xalqaro musobaqada sovrindor

Namangan shahrida Taekwondo WT bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Uzbekistan Open 2026”...

Ustozlar ichra a’lo

“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” respublika tanlovida Boysun...

Bolalar xavfsizligi axborot makonidagi mas’uliyatdan boshlanadi

Bugun bolalarni zararli axborotdan himoya qilish faqat ota-onalar yoki...
KunTun
KunTun