Yo‘l — faqat bir manzilni ikkinchisi bilan bog‘laydigan qatnov yo‘lagi emas. U hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqani tezlashtiradi, odamlarning vaqtini tejaydi, tadbirkorlik va savdo uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Shu jihatdan Surxondaryoda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalarida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish alohida ahamiyatga ega.
Bugun viloyatda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 8 ta dastur doirasida 453,7 million dollar va 848,2 milliard so‘mlik mablag‘ hisobiga 267 ta obyektni qurish va ta’mirlash rejalashtirilgan. Ushbu keng ko‘lamli ishlar orasida 111 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilishga qaratilgan loyiha ham bor.
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 4R105 “Darband–Boysun–Elbayon” avtomobil yo‘lining 5–70-kilometrlik 65 kilometrlik qismi hamda 4R100 “Mang‘uzor–Jarqo‘rg‘on–Bandixon–Oltinsoy–Denov” avtomobil yo‘lining 128–174-kilometrlik 46 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Umumiy uzunligi 111 kilometr bo‘lgan mazkur yo‘l viloyatning muhim transport yo‘nalishlaridan birini tashkil etadi.
Bu — Boysun, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy va Denov tumanlari hududidan o‘tadigan yirik yo‘l loyihasi. Eng muhimi, loyiha qog‘ozdagi reja bo‘lib qolmay, yo‘lning turli qatlamlarida aniq qurilish ishlari bilan to‘ldirilmoqda. Hozirgacha 72,76 kilometr uzunlikdagi qismda yer ishlari bajarilgan. 59,25 kilometrda 33 santimetr qalinlikdagi yo‘l asosining quyi qatlami, 53,8 kilometrda esa 20 santimetr qalinlikdagi o‘rta qatlam qurilgan.
Keyingi bosqichlarda ham ishlar sezilarli hajmda davom etgan. 50,04 kilometr uzunlikdagi qismda 18 santimetr qalinlikdagi M-75 markali sementbeton aralashmasidan asosning ustki qatlami barpo etilgan. 47,66 kilometrda esa yo‘lning ustki qatlamiga 27 santimetr qalinlikdagi M-400 markali sementbeton qoplamasi yotqizilgan. Bundan tashqari, 2 kilometr qismda asfalt-beton qoplama ishlari bajarilgan.
Raqamlarga e’tibor berilsa, qurilishning ko‘lami yaqqol ko‘rinadi: gap shunchaki yo‘l yuzasini yangilash haqida emas, balki uning asosidan tortib ustki qoplamasigacha bo‘lgan butun konstruksiyasini yangilash haqida bormoqda.
Loyihaning yana bir e’tiborli tomoni — yo‘l qurilishi bilan birga hududning mavjud tabiiy muhitini imkon qadar asrab qolishga qaratilgan yondashuvdir. Dastlab yo‘l mintaqasiga tushgan 22 615 tup daraxt bo‘yicha masala yuzaga kelgan. Loyiha qayta o‘rganilib, daraxtlar va bino-inshootlarni imkon qadar saqlab qolish uchun texnik o‘zgartirishlar kiritilgan.
Natijada kesilishi yoki ko‘chirilishi talab etilgan daraxtlar soni 3 803 tupgacha maqbullashtirilgan. Bugungi kungacha esa 2 344 tup daraxt ko‘chirib o‘tkazilgan. Bu raqamlar infratuzilma qurilishida nafaqat yangi yo‘l barpo etish, balki mavjud hududni asrash masalasiga ham e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
111 kilometr — katta raqam. Ammo uning mazmuni kilometrning o‘zidan ham kengroq. Bu yo‘l Boysun tog‘laridan Denovgacha bo‘lgan hududlarda qatnovning qulaylashishi, yuk va yo‘lovchi tashish imkoniyatlarining yaxshilanishi, tumanlar o‘rtasidagi aloqalarning yanada faollashishi uchun xizmat qiladi.
Bugun yo‘lning har bir qurilayotgan qatlami ertangi kunning qulay qatnoviga asos bo‘lmoqda. Bir qarashda oddiy beton, asfalt va yo‘l asosi bo‘lib ko‘ringan bu ishlarning ortida esa odamlarning manziliga tezroq yetib borishi, yuklarning o‘z vaqtida yetkazilishi va hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari kengayishi kabi katta maqsadlar turibdi.
Shu ma’noda Surxondaryodagi 111 kilometrlik yo‘l loyihasi — faqat yo‘l qurilishi emas. Bu vohaning turli hududlarini yanada yaqinlashtiradigan, transport infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan yirik amaliy qadamdir.
E.To‘rayev,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
Qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi katta prokurori

