Loyihalar ortidagi tashabbuslar: muammolarga yechim, taraqqiyotga yelkadosh bo‘lmoqda

Date:

Aholini qiynayotgan muammolarga yechim topish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, hududlar infratuzilmasini yaxshilash va bandlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Surxondaryoda ham NNTlarning tashabbuslari davlat va jamoatchilik hamkorligida aniq amaliy natijalarga aylanmoqda.Buning yaqqol misoli 2025-yil davomida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va uning Surxondaryo viloyati bo‘linmasi tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan 23 ta loyihadir. Ushbu loyihalarga jami 2 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, ular aholining kundalik hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni hal etishga qaratildi. Xususan, loyihalar doirasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash, ko‘prik va boshqa ijtimoiy obyektlarni ta’mirlash, ehtiyojmand fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda ishlar amalga oshirildi.
Boysun va Sho‘rchi tumanlarida ehtiyojmand fuqarolarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda ko‘maklashildi. Oltinsoy tumanida
15 mingdan ortiq aholining qatnovini yengillashtirgan ko‘prik bunyod etildi. Sherobod tumanida suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar amalga oshirilgan bo‘lsa, Muzrabot tumanida ehtiyojmand oilaning uy-joyi ta’mirlab berildi.
Bu kabi tashabbuslarning ahamiyati shundaki, ularning har biri muayyan hudud va aniq insonlar muammosini hal etishga qaratilgan. Bunyod etilgan ko‘prik minglab aholining uzog‘ini yaqin qilsa, ko‘rsatilgan tibbiy yordam inson salomatligi va hayotini asrashga xizmat qilmoqda. Demak, ajratilgan mablag‘lar ortida avvalo inson taqdiri, oila farovonligi va mahalla taraqqiyoti turibdi.
Huquqiy asos va yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat hayotidagi ishtiroki uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Konstitutsiyamizning yangi tahririda jamoat birlashmalari, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlarining asosini tashkil etishi belgilangan.
Davlat tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratish borasidagi kafolatlar esa amaliy mexanizmlar bilan mustahkamlanmoqda.
Bugun NNTlarni qo‘llab-quvvatlashda subsidiya, davlat granti va ijtimoiy buyurtma kabi mexanizmlardan keng foydalanilmoqda. Bu esa hududlardagi muammolarni aholiga eng yaqin bo‘lgan jamoat tashkilotlari tashabbuslari orqali hal etish imkoniyatini kengaytirmoqda.
Surxondaryoda ham mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Nogironlar, Ko‘zi ojizlar va Karlar jamiyatlarining viloyat, shahar va tuman bo‘limlari, shuningdek, Nogironlar assotsiatsiyasining hududiy bo‘limiga subsidiyalar ajratilib, ularning faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Millatlararo do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lida faoliyat yuritayotgan rus, tojik, turkman hamda mo‘ltoni-lo‘li milliy madaniy markazlariga ham moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Viloyatdagi 9 ta milliy madaniy markazga Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilayotgani ularning faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Yangi grantlar — yangi tashabbuslar
Joriy yilda o‘tkazilgan dastlabki davlat granti tanlovida Surxondaryodagi nodavlat notijorat tashkilotlari 2 milliard so‘mlik grant mablag‘larini qo‘lga kiritdi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Oltinsoy, Muzrabot va Sherobod tumanlarida aholini qiynab kelayotgan toza ichimlik suvi hamda elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bu jarayonda mahalliy NNTlarning faol ishtiroki alohida ahamiyatga ega. Chunki ular hududlardagi muammolarni bevosita o‘rganadi, aholi bilan doimiy muloqot qiladi va muammoning hayotiy yechimlarini taklif etadi.
Ijtimoiy buyurtmalarda inson manfaatlari Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlashning yana bir muhim yo‘nalishi — davlat ijtimoiy buyurtmalaridir.
Joriy yilda e’lon qilingan tanlov doirasida turli g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni sog‘lom ijtimoiy hayotga qaytarish, Oltinsoy tumani markaziy shifoxonasida sharoitlarni yaxshilash orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, shuningdek, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 6 ta mahallada ishsiz, uyushmagan va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni zamonaviy, talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish vazifalari belgilangan. Ushbu yo‘nalishlarda jami 2 milliard 800 million so‘mlik ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirish uchun 19 ta nodavlat tashkilot o‘z takliflarini taqdim etdi. Ayni paytda takliflar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur loyihalar natijasida ishsiz fuqarolarning kasb egallashi, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning jamiyat hayotiga faol integratsiyalashuvi ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlik — samaradorlik garovi
Fuqarolik jamiyati institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda, ularning tashkiliy va huquqiy salohiyatini oshirishga ham e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning Surxondaryo viloyati bo‘linmasi tomonidan hokimliklar, adliya boshqarmasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda o‘quv seminarlari hamda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Ularda NNTlar faoliyatini qonunchilik talablari asosida tashkil etish, loyihalarni sifatli ishlab chiqish, hisobotlarni yuritish va ngo.gov.uz elektron platformasidan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berilmoqda. Amalga oshirilgan loyihalar va ularning natijalari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda.
Bugun fuqarolik jamiyati institutlariga yaratilayotgan imkoniyatlarning haqiqiy qiymati ajratilayotgan mablag‘ miqdorida emas, balki shu mablag‘ evaziga hal etilayotgan muammolarda namoyon bo‘lmoqda.
Surxondaryodagi 23 ta loyiha, yangi grantlar va ijtimoiy buyurtmalar doirasidagi tashabbuslar shuni ko‘rsatmoqdaki, nodavlat notijorat tashki-lotlari islohotlarni chetdan kuzatib turuvchi emas, balki aholining muammolarini aniqlash, ularga yechim taklif etish va aniq natija yaratishda faol ishtirok etayotgan muhim jamoatchilik kuchiga aylanmoqda.
Davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari va aholi o‘rtasidagi samarali hamkorlik qancha mustahkam bo‘lsa, inson manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslar va amaliy natijalar ham shuncha ko‘p bo‘ladi.

Nuriddin Jumayev,
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining
Surxondaryo viloyati bo‘linmasi boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Loqaydlikka o‘rin yo‘q

Bugungi globallashuv davrida jamiyatda yuz berayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaslik,...

Har nafasing bizga bog‘liq tabiat

Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi tashkil topgan kun munosabati bilan...

Yer solig‘idan kimlar ozod etiladi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim toifadagi fuqarolarga jismoniy shaxslardan olinadigan...

Soniyaning qadri bor

“Olmaliq KMK” AJ “Xondiza” kon boshqarmasiga qarashli konlarda 10-AHKQV...
KunTun
KunTun