Kabinetdan tashqari chiqib…

Date:

Aholi salomatligini mustahkamlash, travmatologik-ortopedik kasalliklarni erta aniqlash hamda klinik protokollarni amaliyotga samarali joriy etish bugungi sog‘liqni saqlash tizimining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda Bandixon tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan amaliy-uslubiy seminar hamda tibbiy ko‘riklar uyg‘un tarzda tashkil etildi.
Tadbirda markazning Kattalar travmatalogiya bo‘limi ortoped-travmatolog shifokori Shukurov Esondavlat hamda hududiy tibbiyot muassasalari shifokorlari ishtirok etdi. Seminarda kattalarda uchraydigan koksartroz, gonartroz, osteoxondroz, skolioz, bolalarda esa tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi, maymoqlik, son suyagi boshchasining tug‘ma chiqishi va ko‘krak qafasi deformatsiyasi kabi kasalliklar bo‘yicha klinik protokollarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Muhimi, mazkur tadbir faqat nazariy seminar bilan cheklanib qolmadi, balki keng ko‘lamli tibbiy ko‘riklar jarayoni bilan uyg‘unlashtirildi. Shifokorlar mahallalarga chiqib, aholini bevosita ko‘rikdan o‘tkazishdi, bu esa sog‘liqni saqlash tizimining “kabinetdan tashqariga chiqib”, jamiyat ichiga kirib borayotganini yaqqol namoyon etdi.
Ko‘riklar davomida turli yoshdagi fuqarolar ortopedik tekshiruvdan o‘tkazildi. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon bel, tizza va umurtqa og‘rig‘i bilan yashab kelayotgan, lekin imkon topolmay tibbiy muassasalarga murojaat qila olmagan aholi vakillari uchun bu tashabbus katta qulaylik yaratdi. Tibbiyot xodimlarining o‘zlari aholi yashash hududlariga borib xizmat ko‘rsatgani jamiyatda sog‘liqni saqlash madaniyatini oshirishga ham xizmat qildi.
Ko‘rik jarayonida ayrim bemorlarda kasalliklar kech bosqichda aniqlangan bo‘lsa-da, ularga darhol tavsiyalar berilib, zarur hollarda viloyat va respublika darajasidagi ixtisoslashgan markazlarga yo‘naltirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, profilaktika masalasiga ham alohida urg‘u berilib, aholiga sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri harakatlanish va erta murojaat qilishning ahamiyati tushuntirildi.
Mazkur tashrif doirasida 25 nafar ambulator bemor mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazildi. Bemorlar orasida tayanch-harakat tizimi kasalliklari aniqlanib, ularga individual davolash tavsiyalari berildi. Xususan, ayrim bemorlar konservativ muolaja kursiga yo‘naltirildi. Jumladan, Muhamadiyeva Matlubada ikkala tizza bo‘g‘imining gonartrozi aniqlanib, unga konservativ davolash tavsiya etildi. Mutaxassislar bemorning holatini bosqichma-bosqich nazorat qilish va davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq reja belgiladilar.
— Yillar davomida og‘riq bilan yashab kelgan edim, — deydi bemor Ne’mat Karimov. — Bugun esa shifokorlarning o‘zlari kelib, ko‘rik o‘tkazdi. Bu esa nafaqat davolanib, sog‘ayishimga umid, balki e’tibor va g‘amxo‘rlik hissini ham berdi.
Mazkur tashabbus jamiyatda tibbiy madaniyatni oshirish, shifokor va bemor o‘rtasidagi masofani qisqartirish hamda sog‘liqni saqlash tizimini aholiga yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi. Eng muhimi, bu kabi yondashuv sog‘lig‘iga davo izlab yurgan insonlar uchun real yordam, jamiyat uchun esa sog‘lom kelajak sari muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur tashabbuslar hududlarda travmatologik va ortopedik xizmatlar sifatini oshirish, bemorlarga o‘z vaqtida malakali yordam ko‘rsatish hamda sog‘liqni saqlash tizimini aholiga yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

E’tiroz bo‘lmasa, bitim tasdiqlanadi

2026-yil 1-apreldan boshlab mamlakatimizda ko‘chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga...

Iste’dod mehnatsiz nolga teng

Har bir inson turli qobiliyat va iste’dod bilan dunyoga...

Mutolaa — taraqqiyot kaliti

Jamiyat taraqqiyoti, yoshlarning ma’naviy kamoloti va intellektual salohiyatini yuksaltirishda...

Befarqlikka o‘rin yo‘q

Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, chiqindilar muammosi...
KunTun
KunTun