Inson erkinligi — har qanday demokratik jamiyatning eng oliy qadriyatlaridan biridir. Bugungi kunda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan muhim huquqiy institutlardan biri bo‘lgan “Xabeas korpusi” tamoyili ham aynan shu g‘oyaning yorqin ifodasidir.
“Xabeas korpus” atamasi 1679-yil 26-mayda Angliya parlamenti tomonidan qabul qilingan mashhur qonundan kelib chiqqan. Mazkur hujjat o‘z davrida insonni asossiz hibsga olish va ushlab turish holatlariga qarshi kuchli huquqiy qalqon bo‘lib xizmat qilgan. Uning mohiyati oddiy: hech bir shaxs sud qarorisiz yoki qonuniy asoslarsiz ozodlikdan mahrum etilishi mumkin emas.
Tarixdan ma’lumki, bu tamoyil uzoq kurashlar natijasida shakllangan. Qirollik davrida ko‘plab insonlar asossiz ravishda hibsga olingan, sud nazorati yetarli darajada bo‘lmagan. Aynan shu adolatsizliklar jamiyatda norozilik uyg‘otib, natijada “Xabeas korpus akti”ning qabul qilinishiga olib kelgan. Ushbu hujjat shaxs erkinligini himoya qilishda muhim burilish nuqtasi bo‘ldi.
Bugungi kunda “Xabeas korpusi” tamoyili nafaqat Angliya, balki ko‘plab davlatlar, jumladan, O‘zbekiston huquqiy tizimida ham o‘z aksini topgan. Mustaqillik yillarida milliy qonunchiligimiz xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirildi. Xususan, 2008-yildan boshlab shaxsni qamoqqa olishga sanksiya berish vakolati sudlarga o‘tkazildi. Bu esa fuqarolar huquqlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur tamoyilga ko‘ra, har qanday shaxs hibsga olingan taqdirda uning qonuniyligi sud tomonidan tekshirilishi shart. Sud qarorisiz esa shaxsni uzoq muddat ushlab turish mumkin emas. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida ochiqlik va mas’uliyatni oshiradi. “Xabeas korpusi”ning bugungi kundagi ahamiyati nihoyatda katta. U nafaqat alohida shaxs huquqlarini himoya qiladi, balki jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlaydi. Fuqaro o‘z huquqlariga ishonch hosil qilgan jamiyatda esa barqarorlik, ishonch va taraqqiyot qaror topadi.
Xulosa qilib aytganda, “Xabeas korpusi” — bu shunchaki tarixiy hujjat emas, balki bugungi kunning ham dolzarb huquqiy mexanizmidir. U har bir insonning erkin yashash huquqini kafolatlaydi va jamiyatni adolat sari yetaklaydi.
O.ERONQULOV,
sudya

