Ustoz haqida so‘z yuritish — bu shunchaki bir insonning hayot yo‘lini bayon etish emas, balki butun bir maktab, bir davr va bir ma’naviy muhit haqida fikr yuritish demakdir. Ana shunday mas’uliyatni his qilgan holda, yurtimiz ilm-fani va ma’naviy hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan zabardast olim, mohir pedagog va fidoyi inson — Sayfullo Tursunov siymosiga nazar tashlaymiz.
Bu yil ustoz tabarruk 70 yoshni qarshi olmoqda.
Yetmish yil — bu oddiy sana emas, balki sabr, mehnat, izlanish va fidoyilik bilan yo‘g‘rilgan ulkan hayot yo‘lining timsolidir. Shu vaqt davomida u nafaqat o‘zining ilmiy salohiyatini namoyon etdi, balki Vatan, xalq, ilm ahli va shogirdlari kamoliga beqiyos hissa qo‘shdi.
Sherobodning oddiy dehqon xonadonida dunyoga kelgan bu insonning ismida ham ramziy ma’no mujassam. “Sayfulloh” — “Allohning qilichi” degan ma’noni anglatadi. Go‘yo taqdir ham uning hayot yo‘lini oldindan belgilab qo‘ygandek: qat’iyatli, keskir tafakkurli, dadil qarorli va har qanday to‘siqlardan qo‘rqmay oldinga intiladigan shaxs sifatida shakllandi.
Uning hayotidagi eng muhim jihatlardan biri — ustozlik fazilatidir. Haqiqiy ustoz faqat bilim beribgina qolmaydi, balki shogird qalbida ishonch, jasorat va intilish uyg‘otadi. Bu borada Sayfullo Tursunov o‘ziga xos maktab yaratgan murabbiydir. U doimiy harakat tarafdori: o‘zini ham, shogirdlarini ham izlanishdan to‘xtamaslikka undaydi. Sustkashlikni yoqtirmaydi, biroq bu qat’iyat bag‘rikenglik bilan uyg‘unlashgan. Har bir fikrni
tinglash, hatto talaba tomonidan bildirilgan asosli mulohazani ham qadrlash — uning ustozlik uslubining ajralmas qismidir.
Uning ish xonasi doimo gavjum: izlanuvchilar, yosh tadqiqotchilar, ijod ahli va ilmga chanqoq insonlar bilan to‘la. Bu esa bejiz emas. Chunki u har bir murojaat ortida insoniy ehtiyojni ko‘ra oladi va imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zadi. Shogirdlari uchun kerakli manbani topib berish, ilmiy yo‘nalishda yo‘l ko‘rsatish — uning kundalik faoliyatining bir qismiga aylangan.
Ustozning yana bir ibratli jihati — sobit irodasidir. Ilm yo‘li har doim ham ravon bo‘lmaydi. Turli sinovlar, to‘siqlar, hatto hasad va inkorlar ham bu yo‘lning bir qismidir. Ammo u hech qachon taslim bo‘lmadi. Aksincha, har bir qiyinchilikni yangi marralar sari qadam sifatida qabul qildi. Fan nomzodligi va doktorlik darajalariga erishish jarayoni ham ana shunday kurashlar bilan yo‘g‘rilgan.
Pedagog sifatida u an’anaviy usullarga qotib qolmagan. Ma’ruzalari doimo jonli, manbalar, iqtiboslar, rivoyatlar bilan boyitilgan. Bu esa talabalarni nafaqat tinglovchi, balki faol fikrlovchi shaxsga aylantiradi.
Jamoat ishlarida ham u serg‘ayrat va tashabbuskor. Bir paytning o‘zida ilmiy izlanish, tashkilotchilik va ma’rifiy faoliyatni uyg‘un olib borishi uning keng qamrovli shaxs ekanidan dalolat beradi. Qayerda bo‘lmasin, uning kamtarligi, muomala madaniyati va insonlarga hurmati alohida e’tirof etiladi.
Mehnat faoliyati davomida ustoz oddiy assistentlikdan universitet rahbarligigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Bu esa nafaqat kasbiy mahorat, balki katta ishonch va hurmat natijasidir. Bugungi kunda u tarix fanlari doktori, professor va nufuzli ilmiy doiralarda tan olingan akademik sifatida faoliyat yuritmoqda.
Qariyb qirq yillik ilmiy faoliyati davomida yaratilgan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar va yuzlab maqolalar — bu nafaqat ilmiy meros, balki kelajak avlod uchun mustahkam poydevordir. Ayniqsa, Surxondaryo tarixi va etnografiyasi, Termiziy allomalar merosini o‘rganish borasidagi xizmatlari alohida ahamiyatga ega.
U o‘nlab fan nomzodlari va doktorlarini tarbiyalagan ilmiy rahbar sifatida ham katta maktab yaratdi. Uning shogirdlari bugun mamlakatimizning turli ilmiy va ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib, ustoz an’analarini davom ettirmoqda.
Oilada esa u mehribon ota va sevimli bobo. Farzandlari va nevaralari uning hayotiy tamoyillari — halollik, mehnatsevarlik va insonparvarlik ruhida tarbiya topgan.
Ha, bu hayot yo‘li — fidoyilik, izlanish va ma’naviy yetuklik timsolidir. U nafaqat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishdi, balki boshqalarga ham yo‘l ko‘rsata oladigan darajaga yetdi. Ana shunday insonlar bor ekan, ilm ham, ma’naviyat ham bardavom bo‘ladi.
Toshkenboy PARDAYEV,
Tarix fanlari doktori,
Professor

