To‘siq ham, imkoniyat ham bor…

Date:

Globallashuv jarayonida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Bu borada muayyan islohotlar amalga oshirilayotgan bo‘lib, ingliz tili bilan bir qatorda nemis va fransuz tillari ham xalqaro aloqalar, ta’lim, turizm va madaniyat sohalarida muhim o‘rin tutadi.Biroq, bu tillarni o‘rganish va o‘qitishda qator to‘siqlar mavjud. Shunga qaramay, yangi imkoniyatlar ham yuzaga kelmoqda. Nemis va fransuz tillari Yevropa Ittifoqining yetakchi tillari hisoblanadi. Germaniya va Fransiya — O‘zbekistonning muhim hamkorlari bo‘lib, ular bilan ta’lim, iqtisodiyot va madaniyat sohalarida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yoshlar orasida ushbu tillarga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.
Nemis va fransuz tillari bo‘yicha yetarli miqdorda o‘qituvchi mutaxassislar mavjud emas. Bor bo‘lganlari ham ko‘p hollarda zamonaviy metodikani to‘liq o‘zlashtirmagan, natijada ta’lim samaradorligi past.
Aksariyat o‘quv muassasalarida nemis va fransuz tillari uchun zamonaviy darsliklar, lug‘atlar, audio-vizual materiallar yetarlicha emas. Jahon standartiga mos keluvchi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar kam. Ko‘plab maktab va ta’lim markazlarida til o‘rganish uchun zamonaviy sinfxonalar, multimedia uskunalari mavjud emas. Bu, ayniqsa, qishloq hududlarida sezilarli darajada. Xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning qo‘llab-quvvatlashi sababli ma’lum imkoniyatlar ham yaratilmoqda. Gyote instituti (Goethe Institut) va Fransuz madaniy markazlari (Institut Francais) tomonidan o‘zbek yoshlariga tilni o‘rganishda turli kurslar, seminarlar va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Onlayn ta’lim platformalari yordamida tilni mustaqil o‘rganish imkoni paydo bo‘ldi. Xalqaro stipendiyalar va almashinuv dasturlaridan DAAD (Germaniya) va Campus France (Fransiya) kabi tashkilotlar orqali talabalarga chet elda ta’lim olish imkoniyati yaratildi. Bu yoshlar orasida til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.
Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida akademik mobillik bo‘yicha Termiz davlat universitetining Filologiya va tillarni o‘qitish: nemis tili yo‘nalishi talabalari grant g‘olibi bo‘lib, Germaniyaning Myunster universitetida o‘qish huquqini qo‘lga kiritganlar. Bundan tashqari, Germaniya davlati Ta’lim va Tadqiqotlar Federal Vazirligining ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar va prfessor-o‘qituvchilar uchun yangi loyihasida roman-german tillari kafedrasining birgalikda hamkorlik ishlarini olib borishi rejalashtirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va magistrantlarga ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishda, xalqaro darajadagi ilmiy maqolalarni yozish va chop ettirishda amaliy va moliyaviy ko‘mak berishdan iborat. Hamkorlikning ilk qadami sifatida ilmiy Onlayn jurnal ta’sis etilmoqda.
Germaniyaning Myunster universiteti magistrantlari ham ilmiy tadqiqot ishlarining amaliyot qismini bajarish va talabalarda til ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun Termiz davlat universitetiga tashrif buyuradi. Bu sohadagi hamkorlik bir necha yillardan beri davom etib kelmoqda. DAAD-Germaniya akademik almashinuvlar tashkilotining turli tanlovlarida Termiz davlat universiteti talabalari qatnashib,
8 nafar talaba stipendiyaga ega bo‘ldi va ular bir oy davomida Germaniyaning nufuzli universitetlarida bo‘lib, dars jarayonlariga qatnashib, til ko‘nikmalarini rivojlantirib keldilar. Termiz davlat universiteti va Germaniyaning Gete instituti o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq zamonaviy yangi o‘quv va adabiy kitoblar yuborish yo‘lga qo‘yilgan.
Shu o‘rinda fransuz tiliga bo‘layotgan e’tibor haqida ham biroz so‘z yuritsak, universitet professor-o‘qituvchilarining Fransiya elchixonasi va Frans Alyans tashkilotining ta’lim loyihalarida qatnashib, Fransiyaning Nissa shahriga ilmiy safarga yuborildi. Elchixona tomonidan tashkil etilgan Frankofonlar teatr va ashula festivalida talabalarimiz qatnashish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha yangi standartlar, ta’lim dasturlari ishlab chiqilmoqda. Nemis va fransuz tillari ham ta’lim tizimida qayta joriy etilmoqda. Bu nafaqat til bilimlari, balki yangi madaniyat, yangi imkoniyatlar eshigini ochishdir. Qator to‘siqlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro hamkorlik yordamida bu muammolarni yengib o‘tish mumkin. Surxondaryo viloyati janubiy hudud bo‘lishiga qaramasdan yoshlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari kun sayin ortib bormoqda. Eng muhimi — bu tillarni o‘rganishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish, motivatsiyani oshirish va malakali kadrlar tayyorlashdan iboratdir.

Umida Imomova,
Termiz davlat universiteti
kafedra mudiri,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ilg‘or tajriba bilan…

Bugun insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi cho‘qqilarini zabt etmoqda. Lekin keyingi...

Halollik do‘st, nafs esa dushman

Jamiyatda adolat va halollik eng muhim mezon bo‘lib, ayniqsa,...

To‘siq ham, imkoniyat ham bor…

Globallashuv jarayonida xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda....

Alp yigitlar qaydasiz?!

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq...
KunTun
KunTun