Keling, kelishamiz..!

Date:

Sir emaski, keyingi yillarda mamlakatimizda huquqni himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning vaqt va mablag‘ini tejash, ortiqcha keraksiz qog‘ozbozliklarning oldini olish, nizolarni taraflarning yarashuviga asosan tinch yo‘l bilan erishishga qaratilgan huquqiy institutlar, xususan mediatsiya instituti keng qo‘llanilib kelinmoqda.
Mamlakatimizda mediatsiya instituti O‘zbekiston Respublikasi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonuni kuchga kirgan sanadan qo‘llanilib kelinayotganligi bois, zamonaviy huquqiy tushuncha sifatida nisbatan yangi bo‘lganligini inobatga olib, avvalo, “mediatsiya” so‘zining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalsak. Ushbu so‘z lotincha “mediare” so‘zidan olingan bo‘lib, “hakamlik qilish, kelishtirish maqsadida aralashish” degan ma’nolarni anglatadi. E’tirof etish joizki, bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 17-iyunda qabul qilgan “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4754-sonli Qarori yangi bosqichni boshlab berdi.
Iqtisodiy protsessual qonunchiligiga “mediatsiya” atamasi kiritilib, ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida sudya tomonidan kelishuv bitimini tuzish yoki nizoni hal etishning muqobil usullarini qo‘llash ehtimolini aniqlashi, ularning huquqiy oqibatlarini tushuntirishi, shuningdek, huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanadi. Huquqni qo‘llash amaliyoti va ijtimoiy hayotda turli subyektlarning manfaatlar to‘qnashuvi, bahs-munozaralar va nizolar kelib chiqishi tabiiy jarayon. Nizolarni hal etish tizimi ularni sud orqali va muqobil usullar bilan hal qilishni o‘z ichiga oladi.
Chunonchi, taraflar nizoni muqobil usullar bilan, ya’ni kelishuv bitimini yoki mediativ kelishuvni tuzib hal etish mumkinligi nazarda tutilgan. Bunda kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv da’vo tartibidagi har qanday ish bo‘yicha tuzilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga binoan, mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal etish usuli hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, nizolarni hal etishning ikkita muqobil usullarining bir-biridan farqi, kelishuv bitimi ish yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjati ijro etish jarayonida tuzilishi mumkin. Mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xonaga yakuniy sud hujjatini qabul qilish uchun chiqquniga qadar tuziladi. Ya’ni, mediativ kelishuv ishning keyingi bosqichlari (apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalari)da tuzilishi imkoniyati mavjud emas.
Mediativ kelishuvning yana bir farqli jihati shundaki, qonunchilikka ko‘ra kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanishi va bu haqida ajrim chiqarilishi talab etilsa, mediativ kelishuv esa sud tomonidan tasdiqlanmasdan, IPK 107-moddasining 53-bandiga asosan da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirishga asos bo‘ladi. Da’vogar agar mediativ kelishuv ixtiyoriy ravishda ijro etilmasa, tegishli talablar bilan takroran sudga murojaat qilish huquqini saqlab qoladi. Shunga ko‘ra, basharti nizo bo‘yicha taraflar o‘rtasida kelishuv bitimi tuzilib, sud tomonidan tasdiqlangan hollarda IPK 110-moddasining 7-bandiga asosan da’vo arizasi bo‘yicha ish yuritish tugatiladi.
Mediativ kelishuv taraflar tomonidan ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ish mediativ kelishuv tuzgan manfaatdor tarafning arizasiga binoan iqtisodiy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish rad etilgan bo‘lsa, mediativ kelishuvni tuzgan taraflar bunday nizoni hal qilish uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha iqtisodiy sudga murojaat etishi mumkin.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, mediativ kelishuvga erishishlari, avvalo, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi nizolarni o‘zaro maqbul usulda nizosiz, samarali va tezkor ravishda hal etishga, ularning kelgusidagi o‘zaro manfaatli hamkorligining davom ettirilishiga, taraflarning turli ovoragarchiliklarining oldini olishga, ishni sudda ko‘rish bilan bog‘liq davlat boji bilan bog‘liq sarf-xarajatlarini iqtisod qilishga, shu bilan birga mediatsiya tartib-taomillarining qo‘llanilishini rag‘batlantirish orqali sudlardagi yuklamani maqbullashtirishga xizmat qiladi.

Botirjon Abdullayev,
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun