Hayotda shunday insonlar borki, ular bilan suhbatlashsangiz, ming yillik darddan forig‘ bo‘lgandek yengillikni tuyasiz. Bunday insonlarning ohanrabosi bormikan yoki samimiyati, keng dunyoqarashi-yu, ilm-u salohiyati kishini mahliyo etarmikan? Mana shunday ta’riflar tili, fe’li, tabiati muloyim, Termiz davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Ro‘ziqul Mustafoqulovga aynan mos keladi. Ishonchimiz komil, noto‘g‘ri so‘zlamaganimizga inonasiz.
Ustoz o‘tgan yillar davomida katta hayotning mashaqqatli, ilmning dag‘al, ancha zahmatli yo‘llarini bosib o‘tdi. Ayrimlar ahvol tang kelganda, ilmdan chekingan bo‘lsa, ustoz ularning aksi o‘laroq dilga tugilgan maqsad yo‘lidan zarraki chekinmadi. Chekinish qahramonimiz fe’liga xos emas. Ro‘ziqul aka yaxshi olim bo‘lishni ham, chin insonlikni ham eplay olganlardan. Bu olimning fe’li, tabiati daryodir.
Ro‘ziqul Mustafoqulov 1946-yilning 15-avgustida Jarqo‘rg‘on tumanida tavallud topdi. Vaqtning tezkorligi, uchqurligini qarangki, sakson yil bo‘libdi. Yosh Ro‘ziqul o‘rta maktabni a’lo baholarga tugatdi. Samarqand jismoniy tarbiya pedagogika bilim yurtiga o‘qishga kirib, imtiyozli diplom bilan tugatdi. So‘ng, Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetida o‘qidi. Universitet rektori, akademik, filologiya fanlari doktori Vohid Abdullayev, akademiklar, fan doktorlari, professorlardan saboq oldi.
Bir narsani e’tirof etish kerakki, u universtitetda “kuno‘targa” o‘qimadi. Yoki bo‘lmasa, “amal-taqal” qilib, kursdan kursga o‘tuvchilar toifasidan ham emas edi. U ilmga tashna, tinib-tinchimaydigan talabalar safida bo‘ldi.
Ro‘ziqul Mustafoqulov ish faoliyatini tog‘li Boysun tumanidagi 22-sonli V.Tereshkova nomli maktabda o‘zbek tili va adabiyoti hamda jismoniy tarbiya fanlaridan dars berishdan boshladi. O‘sha yillari viloyatimizda jismoniy tarbiyaning sport gimnastikasi fanidan mutaxassislar yo‘qligi tufayli yosh ustozni Termiz jismoniy tarbiya texnikumiga ishga taklif qilishdi. O‘n yildan ortiq vaqt mobaynida bu dargohda talabalarga sport gimnastikasi hamda ona tili va adabiyoti fanlaridan saboq berdi.
1980-yildan e’tiboran Termiz davlat universitetiga taqdiri bog‘langan R.Mustafoqulov o‘tgan yillar mobaynida fakultet metodisti, dekan o‘rinbosari, sirtqi bo‘lim dekani, universitet amaliyot bo‘limi boshlig‘i, boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri vazifalarida ishladi. Ish asnosida qahramonimiz mustaqil ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shug‘ullanib, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, filologiya fanlari doktori, ToshDU professori Berdiali Imomov rahbarligida izlanish olib bordi va 1990-yili nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 1993-yili esa dotsentlik unvoniga ega bo‘ldi.
Olim salkam 60 yildirki, talabalarga ona tili va adabiyoti, xalq og‘zaki ijodi, nutq madaniyati kabi fanlarning ilmiy nazariy, uslubiy jihatlaridan saboq berib kelganligidan o‘zini baxtiyor hisoblaydi. O‘ttiz yilga yaqin jismoniy tarbiyaning sport gimnastikasi fanidan ham nazariy, ham amaliy jihatdan saboq berganligini e’tirof etadi.
O‘zining ilmiy-ijodiy faoliyati davrida respublika ahamiyatiga taalluqli ilmiy-badiiy risolalari, dostonlari, uslubiy qo‘llanmalari va she’rlari, maqolalari bilan keng jamoatchilik nazariga tushdi. Adabiyotshunoslik, folklorshunoslik va tanqidchilikda o‘z so‘zini ayta oldi. Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportda ham faol mehnat qilib, hurmat, obro‘-e’tibor qozondi.
Ro‘ziqul Mustafoqulovning faoliyati keng ko‘lamli bo‘lib, tahliliy publitsistik maqolalari ham OAV orqali yoritilib, o‘z muxlislarini topa oldi. Behbudiy, Fitrat, Niyoziy, Uyg‘un, Maqsud Shayxzoda, Turob To‘la, Izzat Sulton, Abdulla Qahhor pyesalarini keng ilmiy nuqtayi nazardan tahlil qilib, hamkasblarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Fikrimizning quruq bo‘lmasligi uchun olimning ayrim asarlariga nazar tashlab o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lar deb o‘ylaymiz.
Adabiyotshunos olimning “Umrboqiy janr” (1988), “Yashashga haqli janr” (1991) deb nomlangan qo‘llanmalari o‘rta maktab o‘qituvchi va o‘quvchilariga mo‘ljallangan bo‘lib, u o‘rta maktab dasturlaridan o‘rin olgan tragediya va drama janrlariga aniqlik kiritdi.
“Ifodali o‘qish” (1990), “Nutq o‘stirish metodikasi” (1994), “Yozma nutq savodxonligi” (1996) kabi hamkorlikda yozilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarida yozma va og‘zaki nutq savodxonligining o‘ziga xos qonun-qoidalari hamda qo‘llanilishi haqida ma’lumot beriladi. “Surxon adiblari bolalarga” (2000) deb nomlangan qo‘llanmasida muallif surxondaryolik bir guruh ijodkorlarning bolalarga bag‘ishlangan ijodiy faoliyati haqida muxtasar so‘z yuritadi. Ularning ijodiy yo‘nalishlarini atroflicha tahlil etadi.
Ro‘ziqul Mustafoqulov Chorshanbi baxshi Rahmatullayevdan (marhum) “Alpomish” dostonining Surxondaryo variantini (sakkiz yuz sahifalik) yozib olib, nashrga tayyorladi. Bu bilan izlanuvchan olim xalq og‘zaki ijodiyoti namunalarining umrboqiyligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shdi. Shuningdek, Chorshanbi baxshi Rahmatullayevdan 5 ta doston, O‘zbekiston xalq baxshisi Abdinazar baxshi hamda Xushvaqt baxshidan ikkita dostonni yozib oldi.
Ro‘ziqul Mustafoqulov universitetning jismoniy tarbiya fakulteti Jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi kafedrasida ham faoliyat yuritdi. Olim ijodiy faoliyati davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida ham qalam tebratdi. Sport gimnastikasi bo‘yicha sport ustasi (sobiq) Ro‘ziqul Mustafoqulov 2012-2016 yillar davomida viloyat bolalar va o‘smirlar sport maktabida sport gimnastikasi bo‘yicha murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Shogirdlari viloyat va respublika musobaqalarida, shu bilan birga “Umid nihollari” musobaqalarining respublika bosqichida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Qahramonimiz har ikki sohada minglab shogirdlar tayyorlab, katta hayotga uchirma qildi. Ular hozir turli sohalarda faoliyat ko‘rsatib, ustoz ishonchi va mehnatini oqlab kelishayotir.
Ustoz ayni kunlarda Termiz davlat universitetining ijtimoiy fanlar fakulteti boshlang‘ich ta’lim kafedrasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ustoz biz bilan bir suhbatida “Allohga behisob shukrlar bo‘lsinki, yubiley — sakson yoshimga quruq qo‘l bilan kelmadim deb o‘ylayman”, — deb qoldilar. Darhaqiqat, ustozning qalbini, umrini oltin nishon emas, ilm bezab turibdi.
Do‘stlari Bekpo‘lat Umurqulov,
filologiya fanlari doktori,
professor
Sharif Yoqubov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent