Qishloqdagi ayol tajribasidan

Date:

Yaqinda ulug‘ yoshga kirgan xolam hayotdan o‘tdilar. U kishining ma’rakalari sabab ota-onam tug‘ilib, ulg‘aygan qishloqqa bir necha bor borishi-mizga to‘g‘ri keldi. Oxirgi safar borish uchun tushdan keyin — ish vaqtimiz tugagach, yo‘lga chiqdik.
Xolamning uyiga yetmasi katta ko‘chaning yoqasida tog‘am va yana bir xolamning uylari bor. Birga ketayotgan singlim xolamning uylariga kirib chiqishi kerakligini aytib qoldi.Mashina to‘xtashi bilan oldimizga qaysidir amma, qaysidir xola deb chopqillashib peshvoz chiqqan bolalarga atab olgan u-bu narsalarni, ya’ni shu yerda joylashgan uchta xonadonning ulushini tarqatish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Shu orada tog‘oldi adirliklari tomondan tog‘amning to‘ng‘ich nevarasi Durdona
(7-sinf o‘quvchisi) va xolamning to‘ng‘ich nevarasi Dilrabo (boshlang‘ich sinf o‘quvchisi) tez-tez yurishib kelishdi. Ular bilan ko‘rishib, ahvollashib ulgurib-ulgurmasimdan namoz o‘qishga kirib ketganlar ham chiqishdi. Qizchalardan qayerdan kelishayotganini so‘radim.
Durdona sigirlarning podadan qaytishini kutayotganligini, ularni sog‘ib olishi kerakligini aytdi. “Durdona, hali kichkinasan-ku, sigir sog‘a olasanmi, sigir sog‘ishni eplaysanmi, qo‘rqmaysanmi?” deb singlim ikkovimiz uni ketma-ket savollarga “ko‘mib tashladik”. Chunki, u hali juda yosh, sigir sog‘ishning uddasidan yoshi katta qizlar, hatto oilali ayollar, ayniqsa, shaharda yashaydigan xotin-qizlarimizning hammasi ham chiqa olishmaydi. Durdona esa savolimizga o‘ylab ham o‘tirmasdan, bolalarcha tezkorlik, kattalardek mulohaza qilib: “Amma, qiyin emas, allaqachon o‘rganganman, sutni pishirib, uyutishni ham bilaman, chunki onam: “qiz bola uy-ro‘zg‘or ishlarini bilishi kerak, bilmasa uyat bo‘ladi”, degan. “Bugun onam tuman markaziga do‘xtirga ketgandilar, qaytishlarida mashina bo‘lmabdi, momamlarnikida qolibdilar, ertaga keladilar, shuning uchun ertaroq sigirni sog‘ib olishim, keyin boshqa ishlarga ulgurishim kerak”, — dedi. Hammasidan ham Durdonaning fikrini eshitgach, men ham, singlim ham bir-birimizga qarab hayron qoldik, nimadandir ajablandik, hali “mushtday”gina qiz hozirdan o‘zini boshqa oila uchun tayyorlayotgani, bunga chin ko‘ngildan kirishgani nafaqat uning gaplaridan, o‘zini katta qizlarday tutib, harakatlanishidan ham sezilib turardi. Undagi bu mas’uliyatni ko‘rib bir tomondan quvondim. Negaki, u onasi aytgan gapni “qulog‘ida mahkam tutib”, o‘z kelajagini hozirdan tasavvur qilgan holda uy-ro‘zg‘or yumushlarini mukammal o‘rganyapti. Ikkinchi tomondan esa biroz o‘ylanib qoldim. Chunki maza qilib bolalikning zavqini suradigan davrida, o‘ynab-kuladigan yoshida uni og‘ir mehnatga jalb qilib qo‘yish…
Nima bo‘lganda ham qishloq sharoitida kattaga ham, kichikka ham oson emas, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish ko‘proq. Shu bois, qishloq bolalari shahar bolalariga nisbatan mehnatkashroq bo‘ladi. Durdonaning onasi ham qo‘shni qishloqdan, epligina, chaqqongina, tozakor kelin. Durdona oiladagi eng katta farzand bo‘lganligi uchun onasining dastyori. Onaning qizini kelajakka tayyorlash loyihasi, amaliyoti balki to‘g‘ridir, chunki har qanday harakatning poydevori oiladan boshlanadi. Shuning uchun Durdonaning onasini qiz bolani yoshligidan mehnatga o‘rgatish, boshqa oilaga tayyorlash usuli, maqsadni bir og‘iz gap bilan bolaning ongiga singdirishi ma’quldir.
Onajonlarimiz o‘z farzandlarini yosh davrlariga e’tibor bergan holda shu zaylda tarbiyalashsalar, balki maqsadga muvofiq bo‘lar, lekin ularning biologik, fiziologik rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘satuvchi jihatlarni ham, albatta, inobatga olishlari darkor.

Shoira Davlatova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

8 nafar yosh ish bilan band

Angor tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida...

Qumdagi va toshdagi yozuv

Bir kuni ikki do‘st tortishib qolishdi va biri ikkinchisiga...

Taassurot hayratlanarli

Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari tashabbusi bilan talabalar “Qo‘g‘irchoq”...

Bizda bronza medal!

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining III...
KunTun
KunTun