Maktab – bilim va ko‘nikmalarning asosiy manbayi ekanligi ayni haqiqat. Mamlakat miqyosida faoliyat yuritayotgan barcha ta’lim muassasalari xodimlarining vazifasi yosh avlodga faqatgina bilim bermasdan, innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalashdan iborat ekanligi esa ta’limning asosiy mohiyatiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz bejiz “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan emas…Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ta’lim taraqqiyotiga kamarbasta rahbarlardan. U har gal hududlarga tashrifini ta’lim muassasalaridagi yangilanishlardan boxabarlik bilan boshlashi shundan. Misol uchun, joriy yilda rekonstruksiya qilinib, yangidan qurilgan Jarqo‘rg‘on tumanidagi 51-maktabni jihozlash, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 33-maktab binosi va sport zalini ta’mirlash hamda Sho‘rchi tumanida 480 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv bino barpo etilayotgan 41-maktabdagi ishlarning olg‘a siljishini, bunyodkorlik ishlarining sifatini o‘z nazoratida tutgani kelajak avlodga e’tibor namunasi deyish mumkin.
Umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilayotgan davrda ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham e’tiborga molik natijalarga erishildi. Maktablarda zamonaviy ta’lim sharoitlarini yaratish, mavjud binolarni ta’mirlash hamda ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda yangi muassasalarni barpo etish bo‘yicha hudud rahbarlariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan ado eta olgan viloyat hokimi Termiz shahridagi ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Jo‘yjangal” mahallasining 7-sonli, “Alpomish” mahallasining 13-sonli hamda “Yulduz” mahallasining 15-sonli umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari o‘rganildi. Ta’kidlash o‘rinliki, so‘nggi ikki yilda viloyatimizda 494 ta maktab ta’mirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi “2025 — 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyatda 8 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilgan bo‘lsa, 19 ta bog‘cha rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, to‘rtta yangi umumta’lim maktabi barpo etilib, 22 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 9 ta maktab mukammal ta’mirlandi.Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida Boysun tumanidagi 4 ta maktab joriy ta’mirlandi.
Mahalliy byudjet hisobidan 27 ta maktab tanlab olinib, 19,8 mil-
liard so‘m evaziga ta’mirlandi. Termiz shahridagi 2 ta MTT hamda 2 ta maktabda joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Viloyat hokimi mazkur maktablardagi ishlar bilan yaqindan tanishib, o‘quv binolarini namunaviy loyihalar asosida, zamonaviy ta’lim talablariga mos holda rekonstruksiya qilish, barcha zarur infratuzilma va qulayliklarni yaratish, shuningdek, ishlar sifatli va o‘z vaqtida yakunlanishi yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Ta’limning taraqqiyoti uchun jonbozlik ko‘rsatgan, jonkuyar rahbarning faoliyati tizimda seziladi, Uzoq yillar o‘qituvchi va ta’lim tizimi xodimlari zimmasida qolgan maktablarni ta’mirlash jarayoni so‘nggi yillarda mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘ evaziga amalga oshirila-yotgani sohaning jonlanganidan dalolatdir. Bundayin e’tibor va imkoniyatlar Uchinchi Renessansning maktab ostonasidan boshlanishini ta’minlashi shubhasiz.
Ta’limning jonkuyari tizimga jon kiritadi
Date:

