Hayot har doim ham biz o‘ylaganday bir tekis ketavermas ekan. Esimni tanibmanki, otamni ko‘rmaganman. Onam esa nogironlik aravachasida.Har shanba kuni maktabimizda ota-onalar yig‘ilishi bo‘lar edi. Onam “boraman” desalar, men to‘sqinlik qilardm. Chunki onamdan uyalardim.
Onam meni maktabdan kelishimni intiqlik bilan kutar edilar. Oradan yillar o‘tdi. Maktabni ham bir amallab tugatdim. O‘qishga topshirgandim, kira olmadim. So‘ng, xorijga ishlashga ketishga qaror qildim. Onam norozi bo‘lsalar-da, qarorimda qat’iy turdim. Jahl bilan kiyimlarimni yig‘ishtirib, uydan chiqib ketdim. Onam esa ortimdan yig‘lab qoldilar.
Nogiron onaga qarashdan charchagan edim. Do‘stimning taklifi esa shu o‘rinda jonimga ora kirgandi. Oradan bir oy o‘tdi, bilsam, meni ish uchun emas, qul qilib sotgani olib kelishgan ekan. Hujjatlarimni, hattoki telefonimni ham olib qo‘yishdi. Shu tariqa 5 yil umrim o‘tdi. Va nihoyat, O‘zbekistonga qaytib keldim.
Onamga qilganlarimdan uyalib ketyabman. Uyga borishga esa jasorat topa olmayapman. Meni kechirmasalar-chi, degan aybdorlik hissi butun vujudimni qamrab olgandi. Onam oq atirgullarni yoqtirardilar. 1 dona oq atirgul bilan uyga bordim. Afsuski, bilsam, onam 1 yil oldin yurak xurujidan vafot etgan ekanlar. O‘limlaridan oldin menga xat yozib qoldiribdilar. Xatda:
“O‘g‘lim, sen u payt yosh eding, biz bozordan qaytayotgan edik. Sening qo‘lingda koptok bor edi. Bexosdan u mashinalar tarafga yumalab ketdi. Sen esa koptoging tomonga yugurayotgan payting mashina seni urib ketishiga ozgina qolganda, men o‘zimni tutganman. Shu bois oyoqlarimdan ayrilgandim. Agar senga nimadir bo‘lganda, bolam, men yashay olmasdim…” deb yozilgan ekan.
Xatni o‘qib, dod solib yig‘lab yubordim. Shunchalar ham bemehr farzand bo‘lamanmi, endi nima qilsam ham onamni qaytara olmayman. Onam hayotliklarida qadriga yetmadim, faqat azob berib yig‘latdim. Boshim devorga urilganida esa hammasi kech edi. Hamma narsani o‘z vaqtida qadriga yetish kerak ekan.
Yigitning hayotini Dilnura
Maxmudova
oqqa ko‘chirdi