Sho‘rchi tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi ijtimoiy xodimlari aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini munosib qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Tumanning “Kokaydi” mahallasidan bo‘lgan Kudrat Xurramovning oilasida amalga oshirilgan ijtimoiy ishlar – buning yorqin misolidir.
Kudrat Xurramov – bolalikdan I guruh nogironi. Uning oilasi ancha yillardan beri moddiy va ma’naviy qiyin ahvolda yashab kelayotgan edi. Oiladagi muammolarni bartaraf etishda ijtimoiy xodim Dilfuza Eshniyazova oilaning ijtimoiy holatini o‘rganib chiqib, maqsadli va manzilli yordam choralarini ko‘rdi.
Fuqaro Qudrat Xurramovga psixologik xizmat ko‘rsatildi, ruhiy qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borildi. Qo‘ltiq tayoq va zamonaviy elektron yuritmali aravacha bilan ta’minlandi. Parashaxmat va shashka kabi adaptiv sport turlariga jalb etildi. Bandligini ta’minlash maqsadida hunarmandchilik va edikdo‘zlikka jalb qilindi. Saxovat va ko‘mak jamg‘armasi orqali dori-darmon olish uchun mablag‘ ajratildi. Shuningdek, butun oila a’zolari ham manzilli ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdi, ya’ni oila kambag‘allar reyestriga kiritilib, bolalar nafaqasi tayinlandi. Qizi tikuvchilik kasbiga yo‘naltirilib, tikuv mashinasi berilgan bo‘lsa, o‘g‘li ingliz tili kurslariga jalb etildi.
Hozirgi kunda Qudrat Xurramov hunarmandchilik va edikdo‘zlik bilan band. Uning mehnati orqali oila daromadiga hissa qo‘shilmoqda. Qizi esa tikuvchilikni puxta o‘rganib, oilaga qo‘shimcha daromad olib kelmoqda. O‘g‘li ingliz tili kurslarida faol qatnashib, kelajakka yo‘nalgan bilimlarni o‘zlashtirmoqda. Turmush o‘rtog‘i esa parrandachilik bilan shug‘ullanayotir. Sho‘rchi tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan olib borilayotgan bunday ishlarning hayotlar o‘zgarishiga sabab bo‘layotgani quvonarli. Mahalladagi ijtimoiy xodim Dilfuza Eshniyazova kabi mehnatkash va fidokor ijtimoiy xodimlar tufayli ko‘plab insonlar qayta yashashga, mehnat qilishga, o‘z imkoniyatlariga ishonishga boshlamoqda.