Bolalarning aksari bir-biri bilan olishib, kurashib suyagi qotadi, bilagida kuchi, yuragida o‘ti alanga oladi. Bu mashg‘ulot hayotining mazmuniga aylansa bormi, kun kelib ulardan nomi dunyoga mashhur polvonlar yetishib chiqadi, kuragi yer ko‘rmagan alplarning avvali shunday.O‘zbekning nafaqat alpqomat o‘g‘lonlari, Barchin qizlari qonida ham polvonlikning shashti bor. Davraga tushsa, manaman degan Ko‘kamanlarning ko‘kini bichib, yelkasi uzra ko‘tarib, yerparchin etadi. Qarabsizki, har qanday raqib yer bilan bitta bo‘lib, atrofdagilarning “halol” degan hayqiriqlari yangraydi.
Xorazm viloyatida o‘tkazilgan kurash sport turi bo‘yicha “Talabalar ligasi”ning final bosqichida ana shunday polvon yigit-qizlar maydonga tushib, or uchun kurashdilar. Kurash murosasiz va qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi. Tomoshabinlar jarayondan zavq olib, polvonlarni qo‘llab-quvvatlab turdilar.
Albatta, zo‘rdan zo‘r ko‘p. Polvonman deganning ko‘zida, harakatlarida ishtiyoq yonib turgan bir paytda surxondaryolik alplar ham bo‘sh kelmadi.
81 kilogramm vazn toifasida Humoyun Xurramov raqiblarini halol yengib, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Abdulaziz Jo‘rayev ham vohadoshidan kam emasligini isbotlab, o‘z vazn toifasida birinchi bo‘ldi.
Polvon yigitlarning muvaffaqiyatiga javoban surxondaryolik Farangiz Choriyeva ham birinchilar qatorida g‘oliblar safida bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, Surxondaryo sharafini himoya qilgan Termiz davlat universiteti vakillari musobaqada 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida oliy ta’lim muassasalari orasida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
— Tashkil etilayotgan kurash musobaqalari, chorlovlar polvonni sinaydi, toblaydi, imkoniyatlarining qay darajada ekanini baholashga yordam beradi, — deydi TerDU talabasi F.Choriyeva. — Bugun biz raqiblarimizga peshvoz chiqib, o‘zimiz va o‘zgalarning imkoniyatiga, kuchiga baho bera oldik. G‘olib bo‘lganimizdan quvondik, ammo bu bilan havolanmasligimiz, bundan-da ko‘prog‘iga qodir ekanimizni isbotlash uchun ham mahoratimizni oshirishimiz kerak.
Ushbu muvaffaqiyat shunchaki qo‘lga kiritilmadi, balki tinimsiz mehnat-u harakat, tayyorgarliklar, ustoz-murabbiylar tavsiya va maslahatlari, zahmatli mehnatlari evaziga keldi. Bu muvaffaqiyat sari tashlangan qadamlarning debochasi deyish mumkin. Oldinda esa polvonlarimizni bundan-da baland cho‘qqilar kutayotgani aniq. Marrani katta olib, tayyorgarlikni kuchaytirishsa, yosh polvonlarimizni dunyo taniydi.
Panji To‘rayev,
TerDU o‘qituvchisi