O‘zi tugul o‘zgalarning ham ish bilan bandligi, oilaviy daromadi hamda farovon turmushiga ta’mal toshini qo‘yayotgan insonlar, ya’ni ishbilarmonlarning ishiga har qancha tahsin aytsak arziydi. Chunki ular oldiga qo‘ygan maqsadiga yetgan, qaysidir sohada muvaffaqiyat qozonib, qo‘rquvlarni-da yengib, har qanday to‘siqlarni to‘s-to‘s qilgan, ular uddalashgan. Shuning uchun ham bunday tashabbuskor insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak ko‘rsatish orqali faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning muhim vazifasidir. Bunday xayrli tashabbuslar eng boshida Prezidentimizning shaxsan o‘zlari turibdilar.
Prezidentimizning jory yilning 19-martida “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinib, Savdo-sanoat palatasi hamda kichik va o‘rta biznes subyektlarining tashabbuslari bilan “Kichik biznes uyushmasi”ni tashkil qilindi.
Va 2025-2030-yillarga mo‘ljallangan Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. O‘zbekiston iqtisodiyotida kichik va o‘rta biznesning rolini oshirish, tadbirkorlar uchun moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish hamda raqobatbardosh biznes muhitini shakllantirishga qaratilgan. U moliyaviy resurslar, soliq imtiyozlari, infrastruktura va qonunchilik islohotlari orqali Kichik va o‘rta biznesning uzluksiz rivojlanishini ta’minlashni maqsad qilgan.

Mazkur hujjat qabul qilinishi va uyuhsmaning tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad esa kichik va o‘rta biznesning jadal rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hududlarda biznes muhitini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi tashqi bozorlarga chiqishni rag‘batlantirishlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
Shu bilan birga, 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar qilib, kichik va o‘rta biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizga, sanoatda 34 foizga, eksportda 34 foizga va aholi bandligida 75 foizga yetkazish, qolaversa, kamida 600 ta kichik va o‘rta biznes subyektlarini yiriklashtirib, ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish belgilangan. Va bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.
Ana shunday amaliy harakatlarning uzviy davomi sifatida termiz shahridagi Yoshlar markazida viloyatimiz faoliyat yuritayotgan 300 nafardan ortiq kichik va o‘rta biznes subyektlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Kichik biznes uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda soliq maslahatchilari ishtirok etdi.
Muloqot davomida tadbirkorlar o‘z faoliyatida uchrayotgan bir qator dolzarb masalalarni ko‘tardilar. Jumladan ish faoliyatini kengaytirish uchun yer ajratish va mulkni rasmiylashtirish, subsidiya va kreditlar ajratish, debitor qarzdorliklarni undirish, mahalliy hokimiyatlar bilan hamkorlikni yanada yaxshilash kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Mutasaddilar har bir murojaat yuzasidan tegishli huquqiy va amaliy tushuntirishlar berdilar. Qator masalalar yuzasidan joyida hal qilinishi va ayrim takliflar respublika darajasida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Bunday muloqotlar tadbirkorlikni rivojlantirish, mavjud muammolarni aniqlash va ularga samarali yechim topish, shuningdek, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Adolat MO‘MINOVA