Viloyatimiz rahbari har kuni tumanlarda bo’lib, barcha sohalarni o’rganib, mas’ullarga kerakli topshiriq va vazifalarni yuklaydi. Albatta, bu shunchaki topshiriq berildi, bo’ldi emas, uning ijrosi ham nazoratga olingan barchani sergaklantiradi, o’z ishiga mas’uliyatini yanada oshiradi. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumaniga tashrif buyurib, berilgan topshiriqlar ijrosiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, tumandagi “Do‘stlik” mahallasida joylashgan yangi savdo kompleksi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur loyiha Prezidentimizning Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan taklif etilgan bir qator investitsion loyihalar – ko‘p qavatli turar-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, xususiy maktab, tibbiyot klasteri, turizm ko‘chasi hamda chorvachilik komplekslari tashkil etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Viloyat rahbari loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini puxta ishlab chiqish, yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan tashabbuslarni tanlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalarni berdi.
Shundan so‘ng, tuman markazida joylashgan “Bo‘ston”, “Xayrobod” va Ibn Sino mahallalarida infratuzilma hamda bozor hududidagi yo‘l va yo‘laklarning holati o‘rganildi. Infratuzilmani yaxshilash ishlarining sust olib borilayotgani uchun e’tirozlar bildirilib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.
Tashrif yakunida yangi tashkil etilayotgan Xalqaro innovatsion universiteti bilan tanishildi. Viloyat rahbari xususiy oliygohni tashkil etish jarayonlari va mavjud muammolar yuzasidan tashabbuskorlar bilan suhbatlashdi. Universitet huzurida meva va sabzavotlarni qayta ishlash sexi tashkil etish, unda 300 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalari taqdimot qilindi. Mas’ullarga oliygohni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarda ko‘mak ko‘rsatish vazifasi topshirildi.
Ijrosi nazorat ostida
Date: