Qonunni bilmaslik kishini javobgarlikdan ozod qilib qo‘ymaydi. Bu esa har bir insonni o‘zi istiqomat qilayotgan davlat qonunchiligida belgilangan yangilik, imtiyoz va imkoniyatlar, huquqini himoya qilish borasidagi muhim ma’lumotlarni bilishi zarurligini anglatadi. Aytaylik, kimingdir shaxsiy mulkiga nisbatan o‘g‘rilikni bilmasdan yoki behosdan sodir etib qo‘yib, “men bu qilmishim javobgarlikka tortilishi mumkinligini bilmagandim”, qabilida o‘zini merovga solish, uning sodir etgan jinoyatini oqlay olmaydi, u qanday sabab bilan sodir etgan bo‘lsa ham.

Shu nuqtayi nazardan bugun Adliya organlari tizimida juda keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari olib borilayotirki, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad har bir inson o‘z haq-huquqi va majburiyatini to‘la-to‘kis bilishi va qonunchilikka rioya etgan holda hayot faoliyatini davom ettirishi kerak. Ana shunda fuqarolik jamiyati ideal darajada rivojlanib, qonun hurmat qilinadi, fuqarolarning ham haq-huquqlari poymol bo‘lishining oldi olinib, jamiyatda aksariyat muammolar kamayishiga erishiladi. Shuning uchun ham joylarda “Huquqiy mahalla” tadbirlari o‘tkazilib kelinayotir. Bunday tadbirlarda esa imkon doirasida belgilangan har bir mahallaga bosqichma-bosqich viloyat Adliya boshqarmasi mutasaddilari kirib borib, aholiga haq-huquqlari tushuntirilib, ularni qiynab kelayotgan masalalarga yechim berish choralari ko‘rilayotir.

Bu haqda viloyat “Matbuot uyi”da viloyat Adliya boshqarmasi hamda tuman (shahar) adliya bo‘limlarining (DXM, YXKM, FHDYO) 2024-yil davomidagi faoliyati, kelgusi rejalar, shuningdek, matbuot anjumanida viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan, viloyat prokuraturasi, viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, viloyat Adliya boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan o‘tgan 2024-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami 21 511 ta murojaatning 20 420 tasi hal etilib, shundan 53,3 foizi yoki 13 921 tasi qanoatlantirildi, 6 403 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. 726 tasi ko‘rib chiqish uchun vakolatli organga yuborilgan bo‘lsa, 461 ta murojaat hisobot davridan qoldiq bo‘lib o‘tgan. Shuningdek, “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan 405 ta murojaatning 401 tasi hal etilib, shundan 91 tasi yoki 23 foizi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 310 tasiga huquqiy tushuntirish, 4 tasi vakolatli organga yuborilgan.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan hisobot davrida 624 ta davlat organlari va tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalarining hududiy bo‘linmalarida, sohalar, hududlar va idoralar kesimida 7 marotaba manzilli va tematik tahliliy o‘rganishlar hamda 402 marotaba monitoringlar o‘tkazildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish sohasini oladigan bo‘lsak, Boshqarma tomonidan vakolatli idoralar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik borasida doimiy nazorat o‘rnatish choralari ko‘rildi.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan bir yil davomida davlat xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jami 49 240 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, boshqarma va tuman, shahar adliya bo‘limlari tomonidan ushbu qonunbuzilishlarni bartaraf qilish va kelgusida takrorlanmasligini ta’minlash maqsadida 27 ta taqdimnoma hamda 400 nafar aybdorga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va 452 nafar shaxsning (52 ta intizomiy, 400 ta ma’muriy) javobgarlik masalasi hal etildi.
Statistik ma’lumotlardan ham ko‘rinib turibdiki, bugun Adliya organlarida faoliyat yuritayotgan mas’ullar, insonlarning haq-huquqini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida sezilarli ishlarni amalga oshirib kelishmoqda va o‘z navbatida vohada fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ustuvor choralari ko‘rilayotir. Bu esa inson qadi yuksalib va odamlarning davlat organlari va tashkilotlariga nisbatan ishonchi ortib, fuqarolik, murojaatchi sifatidagi madaniyati yuksalib borayotganidan dalolat.
Adolat MO‘MINOVA