Surxondaryoda respublika seminari o‘tkazildi

Date:

Prezidentimizning 2023-yil 16-17 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifida respublikamizda birinchi marta “Surxondaryo tajribasi” sifatida “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi. Shu qisqa vaqt davomida viloyatda “Ma’naviyat sektori” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mahallalar, ta’lim, tibbiyot maskanlari deymizmi, tashkilot, korxona va idoralarda “Ma’naviyat sektori” tashkil etildi. Endigi maqsad esa “Surxondaryo tajribasi”ni respublikamiz bo‘ylab ommalashtirishdir.


Shu maqsadda Termiz shahrida respublika seminari o‘tkazildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, onlayn tarzda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda boshqa tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi.


Seminarni viloyatimiz hokimi Ulug‘bek Qosimov kirish so‘zi bilan ochib, vohada sektor faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaldi. Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov “Ma’naviyat sektori”ni tashkil etishning maqsad va vazifalari haqida so‘zlab, “Surxondaryo tajribasi” butun respublikamiz bo‘ylab joriy etilishini ta’kidladi. Ishtirokchilarga bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan taqdimot qilininib, kelgusidagi chora-tadbirlar belgilab olindi. Joriy yildan boshlab “Eng ma’naviyatli mahalla” ko‘rik tanlovi o‘tkazilishi kelishib olindi hamda bu borada Nizom ishlab chiqish topshirig‘i berildi. Seminarda yetakchi olimlar va soha mutaxassislari ham ma’ruza qilishdi.


Shundan so‘ng, respublikamizning turli hududlaridagi ma’naviyat sektorlari vakillaridan iborat ishchi guruh Termiz iqtisodiyot va servis universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Universitetning mavjud imkoniyatlari, qamrovi, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot qilindi. Shuningdek, aynan ma’naviy-ma’rifiy ishlarning mukammal darajada yo‘lga qo‘yilgani yaqqol misollar bilan seminar ishtirokchilariga namoyish etildi.


“Ma’naviyat sektori” faoliyatini namunali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha respublika seminari Termiz shahridagi 31-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida davom etdi. Seminar ishtirokchilari manzilda tarbiyalanuvchilarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida olib borilayotgan ishlar, musiqa, sport, hunarmandchilik to‘garaklari faoliyati bilan tanishishdi. Aytish kerakki, mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida ham “Ma’naviyat sektori” faoliyati namunali tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Bolajonlar ishtirokidagi turli sahna ko‘rinishlari namoyishlari, teatr tomoshalari va raqslar buning yorqin namunasidir.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Issiqxona va chorvachilik — mahallada daromadni oshirish imkoniyati

Muzrabot tumanidagi Yurtim jamoli mahallasida fuqaro Zoir Hayitaliyev issiqxona...

O‘zbekiston kubogidagi yorqin natija

An’anaviy karate-do bo‘yicha O‘zbekiston kubogida Sariosiyo tumani “Kelajak” markazi...

Xurmo eksporti: sifat va tashqi bozor talablari muhim

Oltinsoy tumani hokimi Otabek Mavlyanov eksportga tayyorlanayotgan xurmo mahsulotlarini...

Denovda 150 ta ish o‘rni yaratiladi

Denov tumanida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlik uchun yangi...
KunTun
KunTun