Saralash qizg‘in kechmoqda…

Date:

Sport insonni ham dunyoga tanitadi, ham jismonan sog‘lom bo‘lishi uchun foydali mashg‘ulot ekanligi barchamizga ayon. To‘rt muchasi sog‘lom inson-ku sportning qaysi turi bo‘lishidan qat’i nazar bemalol shug‘ullanib, tinimsiz mashg‘ulotlar, tirishqoqligi natijasida muvaffaqiyatga erishisha oladi. Ammo, oramizda shunday insonlar borki, ularning jismonan imkoniyati cheklangan. Biroq tanasining harakatlari cheklangani ularni ijtimoiy hayotda barcha imkoniyatlardan mosuvo ekanligini anglatmaydi. Nogironligi bor insonlarning hayotda erishayotgan muvaffaqiyatlari esa gapimiz tasdig‘idir.
Boshqa sohalar barobarida nogironligi bo’lgan fuqarolarning parasportda erishayotgan yutuqlari maqtashga arzigulik. Kezi kelsa, ularning sa’y-harakati, metindek irodasi, mehnati, shijoati ortidan erishayotgan natijalari ba’zi sog‘lom, boqimanda kayfiyatdagi fuqarolarga o‘rnak ham bo‘la olayotgani turgan gap. Ana shunday imkoniyati cheklangan fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning muntazam sport bilan shug‘ullanishi, ijtimoiy moslashuvi borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasi o‘laroq bugun tushkunlikka tushib qolgan, o‘zini keraksizdek his etib yashayotgan yoinki dilida orzu-maqsadi bor-u tana imkoniyati cheklangan insonlarning umidlari ushalishi uchun barcha imkoniyatlar muntazir.


Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etishini ta’minlash va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq, viloyatimizda ham O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat hududiy bo‘limi faoliyat yuritib kelmoqda.
Shuningdek, hududlarda faoliyat yuritayotgan sport maktablarida ham paralimpiya bo‘yicha mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni vaqtda imkoniyati cheklangan yoshlar paralimpiya sport turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Hozirgi kunda viloyatimizda jami 617 nafar parasportchilar mavjud bo‘lib, hududlar bo‘ylab parasport bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarni ham ushbu sportga jalb etish choralari ko‘rilayotir. Yil yakuniga qadar parasportchilar safini ming nafardan oshirish maqsad qilingani esa quvonarli holat.


Bu haqda viloyat Matbuot uyida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqaning shahar, tuman va viloyat bosqichlarini o‘tkazish mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi viloyat hududiy bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda OAV xodimlari, shuningdek, ijtimoiy tarmoq faollari ham ishtirok etishdi.
Ta’kidlash joizki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tashkil etilib, hududlarda “Inson” markazlari hamda ijtimoiy xodimlar ish boshlagach, xonadonma-xonadon yurilib, nogironligi bo‘lgan shaxslar xatlovdan o‘tkazilib, 8300 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroning parasport bilan shug‘ullanish istagi borligi aniqlandi. Paralimpiya sport musobaqalarini o‘tkazish maqsadida eng avval tuman va shahar bosqichlari tashkil etilmoqda. Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan musobaqaning viloyat bosqichiga hududlardan parasportchilarni saralab olish jarayonlari qizg‘in kechayotir. Paralimpiya musobaqalarida sportchilar sportning 22 turi bo‘yicha musobaqada ishtirok etishi belgilangan bo‘lib, ayni vaqtda vohamizda ushbu sport turlarining 12 tasida muntazam shug‘ullanadigan va musobaqalarda ishtirok etadigan parasportchilar bor.

Adolat MO‘MINOVA,
Tohir ALIQULOV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun