Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tag zamirida xalq manfaati, turmush farovonligi yotadi. Inson qadri ulug‘lanayotgan jamiyatda aholining dard-u tashvishiga, muammolariga quloq tutiladi, munosib qo‘llab-quvvatlanib, xalq roziligiga erishiladi va shunday bo‘lib kelmoqda ham. Prezidentimizning joriy yilning 14-mart kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifida aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi “Sayxunobod tajribasi”ni respublika bo‘yicha ommalashtirish vazifasi topshirilgan edi. Albatta, bu tajriba aholi bandligini ta’minlashga, o‘z ishiga, biznesiga ega bo‘lishiga xizmat qiladi. Uni ommalashtirish Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarida ham joriy etilmoqda. Ayni maqsadda viloyatimizda boshlangan amaliy harakatlar qanday ketayotganiga qiziqqan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahrida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Boshlanajak har qanday ishda, eng avvalo, qiziqish bo‘lish kerak. Ana shundagina reja muvaffaqiyat qozonadi. Shu ma’noda, “Gulira’no” mahallasida yashovchi Kamoliddin Jo‘rayev xonadoniga quyonchilik faoliyatini tashkil etgan. Quyon parvarishlash, uni ko‘paytirishni zavqli mashg‘ulot deb biladigan Kamoliddin aka uchun butun bir oilani band qiladigan ish va mo‘may daromad keltiruvchi soha sifatida qaraydi. Albatta, quyonchilikning ham o‘ziga yarasha sir-asrorlari, qiyinchiliklari, muammolari bo‘ladi. Tadbirkorning bu ishlarda tajribasi borligi sababli qiyinchiliklardan qo‘rqmas, ammo muammolarni bartaraf etishga kelganda imkoniyati yetmasligi pand berayotir. Fuqaro quyonchilik loyihasini kengaytirish maqsadida yer ajratilishini istaydi. Viloyat rahbari fuqaroning muammosiga quloq tutib, mas’ullarga yer bilan bog‘liq masalalarini hal etishda ko‘maklashishni hamda kredit mablag‘i ajratilishida yordam berishlarini vazifa qilib topshirdi.

Jismoniy imkoniyatlarimizdan qat’iy nazar ishlashni, halol rizq topib, ro‘zg‘orimizni tebratishni istaymiz. To‘rt muchasi sog‘lomlar-ku, bir ammallar, ammo jismoniy imkoniyati cheklanganlarchi? Ular qaysi tashkilot va idora eshigini qoqib, munosib ish o‘rni borligini so‘rashlari kerak? Qidirganga yarasha, mana sizga ish deb ishga qabul qilisharmikan? “Termiz Stroy Teks” MChJ tomonidan esa nogironligi bo‘lgan fuqarolarning bandligini ta’minlash maqsadida tikuvchilik, non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari tashkil etilgan. Ayni manzilda bo‘lgan viloyat hokim tashkil etilgan loyihalar bilan tanishishdi. Qarovsiz yer maydonida tashkil etilgan korxonalarda 18 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs, 10 nafar “Yagona himoya reestri”da turgan xotin-qizlar bandligi ta’minlangan. Tanishuv va o‘rganish ishlari natijasida ayon bo‘ldiki, loyiha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu korxonalar faoliyatini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘proq ish o‘rinlari yaratish maqsadida hududdagi bo‘sh turgan binoni ham shu maqsadlarga yo‘naltirish topshirig‘i berildi.

Shundan so‘ng, shaharning Termiz tumani bilan tutash hududida joylashgan “Namuna” mahallasida bo‘lindi. Mahallada 500 dan ortiq xonadonda issiqxonachilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, aholi tomorqadan foydalanishda yaxshi tajribaga ega. Issiqxonalarda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, sabzavotlar hamda papaya daraxtini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Hudud aholisining dehqonchilikdagi boy tajribasidan unumli foydalanish, ko‘plab mahallalarda ushbu tajriba asosida ishlarni tashkil etish mumkinligi ta’kidlandi.
Viloyat rahbari mahallaga tashrifi yakunida aholi tomorqalari hamda fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga yo‘naltiruvchi “Agregatorlar” faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkorlar bilan muloqot qilindi. Mutasaddilarga eksportyorlarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish vazifasi yuklandi.