Vatan taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir inson, har bir yosh borki, u o‘z kelajagini tug‘ilib o‘sgan yurti bilan bog‘laydi. Bu bizni vatanparvarlikka, harbiy sohaga qiziqtirishga undaydi. Albatta, vatanga xizmat qilish uchun harbiy bo‘lish shart emas. Ilm-fanda, madaniyat, ijodda, san’at-u sportda ham yuqori natijalarni qayd etib ham xizmat qilish mumkin. Bu bizning insoniylik, qolaversa, fuqarolik burchimiz bo‘lmog‘i lozim.
Termiz tumanida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni harbiy sohaga qiziqitirish hamda vatan taqdirida o‘z taqdirini ko‘rish hislarini shakllantirish maqsadida “Vatan himoyasi — muqaddas burch” mavzusida targ‘ibot-tashviqot tadbiri o‘tkazildi. Unda tumandagi 17-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
Dastlab 2000-yil avgust oyida Bo‘stonliq chegara hududidagi qurolli to‘qnashuvda sarhadlarimizni matonat va jasorat bilan jangarilar to‘dasidan munosib himoya qilgan va bu yo‘lda qahramonlarcha halok bo‘lgan marhum, katta leytenant Shuhratbek Sobirov hamda Chegara qo‘shinlari safida xuddi otasi kabi mardonavor o‘z xizmat faoliyatini olib borayotgan leytenant Shohjahon Sobirov haqidagi videolavha namoyish etildi.
Shundan so‘ng, yoshlar bilan harbiy qism kutubxonasiga tashrif buyurildi va u yerda shonli tariximiz hamda buyuk ajdodlarimizning yurtimiz tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida chekkan zahmatlari yoritilgan ilmiy va badiiy asarlar bilan tanishtirildi. Harbiy xizmatchilar bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazadigan, bir so‘z bilan aytganda, sevimli maskaniga aylanib ulgurgan mo‘jaz kutubxonadagi kitoblar boy ma’naviy xazina deyish mumkin.
Tadbir rejasiga ko‘ra, yosh mehmonlar harbiy qismdagi Xotira maydoniga taklif etildi. Maydon tomoshasiga berilgan yoshlarga yurtimiz tinchligi, baxtli kelajagini asrash, uni yovuz kuchlardan himoya qilishdek mas’uliyatli va sharafli vazifani bajarish chog‘ida o‘z jonini qurbon qilgan Chegarachi qahramonlarimizning buyuk jasoratlari, qolaversa, kelajagimizning yanada yorqin bo‘lishi yoshlarning qo‘lida ekanligi alohida ta’kidlanib, chegarachi qahramonlarning tinch va osuda hayotimizni ta’minlash yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlari haqida so‘zlab berildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yetkazildi. Tadbir so‘nggida o‘quvchi-yoshlar kinologiya xizmati faoliyati bilan tanishtirildi.