Boysunda havo sharlari uchirildi

Date:

Dunyoni havo sharlarida turib kuzatganmisiz? Ayniqsa, mo‘jaz shar fizik jarayonlar uyg‘unligida yerdan ko‘tarila boradi. Avvaliga bir-ikki metr, keyin esa bir necha o‘n metrlab yuqoriga ko‘tarilib, qarabsizki, bulutlarga yaqin, ha-deganda yetib oladigan masofadasiz. Borliqning bir bo‘lagiga aylanib, butun vujudingiz bilan chor atrofni kuzatishga tushib ketasiz. Mahliyo bo‘lasiz, hayratlanasiz. Baland-baland imoratlar, uylar kichik-kichik qutidek ko‘rinishda. G‘imir-g‘imir odamlar… ayniqsa, tabiat qo‘ynida, ochiq osmon ostidagi muzey deya ta’riflangan Boysunda, u yerdagi qizil konyon deb ataluvchi hududda bo‘lsangiz, bu manzaralar sizni sehrlab qo‘yishi aniq. Ishonaman, shunday paytda qalbingizda tasvirlarimizda tilga olingan ta’riflardan ortiq tuyg‘ularni his etsangiz etasizu aslo kam emas.


Surxon vohasining turizm salohiyatini dunyoga yanada tanitish, yangi yo‘nalishlarni targ‘ib qilgan holda sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Turizm qo‘mitasi va Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan Boysun tumanidagi “qizil konyon” hududida boshlangan havo sharlarini uchirish tadbirlarida ishtirok etganlar aynan shunday hislarni boshidan kechirgani aniq.


Tadbir o‘zgacha ruhda boshlandi. Ulkan havo sharlarini uchirishga tayyorgarlik jarayoni qizg‘in tus oldi. Mahalliy aholi zumda tadbir bo‘layotgan nuqtada jam bo‘lib, manzarani kuzatdilar, o‘zlari ham tadbir ishtirokchisiga aylanib, olam-olam taassurotlarni oldilar.


Yillar davomida tuproq hamda qoyalarning suv va shamol tufayli yemirilishidan hosil bo‘lgan tabiat mo‘jizasi – qizil konyon hududining o‘ziga xos manzaralarini aytmaysizmi? Bu manzarani kuzatib turib, inson ko‘zlari ko‘rib turgan ajoyibotlar haqiqiyligiga shubha bilan qarashi aniq. Surxondaryoda ham ana shunday konyonlarning hosil bo‘lishi voha turizmini yanada rivojlantirishga, uni tomosha qilish ishtiyoqida kelguvchi sayyohlar oqimining yanada oshishiga xizmat qilayotgani ham sir emas. Ayni havo sharlarini uchirish bahonasida kelgan tadbir ishtirokchilarida konyonlar katta qiziqish uyg‘ota oldi.


Tadbir doirasida OAV vakillari hamda blogerlar uchun info-tur tashkil etildi, bundan ko‘zlangan maqsad esa bitta, yuqorida ta’kidlaganimizdek, hududning turizm salohiyati va imkoniyatlarini mahalliy hamda xorijiy nashrlar, sayt va bloglarda keng yoritishdir.


Taassurotlar aytganlarimiz bilan yakunlanmadi, balki turli konsert tomoshalari namoyish etildi. Folklor jamoalarining chiqishlari, milliy o‘yinlar esa tadbirning yanada qizg‘in tus olishiga xizmat qildi. Surxon baxshilari tomonidan kuylangan termalar esa mahobatli tog‘larda aks-sado bergandek bo‘ldi va bayram dasturlari, bir-biridan ajoyib chiqishlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Ha aytgancha, konyonlarni havo sharlarida kuzatishni orzu qilganlar shunday tadbirdan quruq qoldim deya armonda qolishmasin, chunki hali vaqt bor. Tadbirlar ikki kun — ertaga ham davom etadi.

Sayyora ALLAYEVA,
Islom MENGLIYEV
(surat)

Oldingi sahifaG‘ovlar osha yugurib…
Keyingi sahifaXABARINGIZ BORMI?

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Happy kids”da hosil bayrami

Kuz fasli dehqonlarning hosiliga baraka kirib, yig‘im-terim boshlangan davr...

Oliy ma’lumotsiz psixologik yordam ko‘rsatish taqiqlanadi

Joriy yilning 5-noyabrida qabul qilingan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish...

Ma’daniy o’rmonzor barpo etiladi

Atrofimiz bogʻ-u boʻstonga, yaxshillikka burkanar ekan, ekologiyamiz, olayotgan nafasimiz...

Umida Omonova gʻolib

Yoshlarning sportda, ijodda, sanʼatda va ilm-fanda iqtidor va isteʼdodlarini...
KunTun
KunTun