Fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini oshirishga, jamiyatda ijtimoiy farovonlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar tizimda doimiy o‘zgarishlarni talab etadi. Negaki, rivojlanish doim qulayliklar yaratish, imkoniyatlarni oshirish bilan birga kechadi. Sud-huquq sohasida olib borilayotgan izlanishlar, sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining tahlili mazkur institutni takomillashtirish orqali amaldagi tartibni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatdi.
Xususan, 2023-yil 25-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-889-son Qonuni qabul qilinishi sohada olib borilayotgan ayni islohotlar natijasidir.
Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ushbu qonun qabul qilinishi ma’muriy sud ishlarini yuritishda fuqarolarning olis hududlardan sudga kelib, sarson bo‘lishining oldini olishga, ishlarni ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berishga qaratilgandir.
Mazkur qonunchilikdagi yangilik viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishlar apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rilishini, ishlar taftish tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida va alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatida ko‘rilishini hamda yuqori instantsiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instantsiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishini, shuningdek yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rishda prokuror ishtirok etishi shartligini nazarda tututadi.
Ushbu qonunning yana bir ijtimoiy ahamiyati shundaki, mazkur qonun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlarini yanada oshirishga, ularning buzilgan huquqlari va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini kengroq himoya qilishga, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda o‘rta bo‘g‘in — viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, shuningdek fuqarolarning sudlardagi ortiqcha xarajatlari tejalishiga xizmat qiladi.
A.Abdulakimov,
Termiz tumanlararo ma’muriy sudining raisi