Qaymoqlilik o‘g‘lonning ishlarining “qaymog‘i”

Date:

Kimki bog‘cha yoki maktab qurib, uning ortidan yuqori daromad ko‘rish mumkin desa, hech ikkilanmasdan bekorlarning beshtasini aytibsan deyavering. Sababi, yosh avlodning ta’lim-tarbiya olishi uchun qurilayotgan maskanlarni bunyod etish ortida hech qanday moliyaviy biznes turmaydi, tursa ham yoshlarning zamonaviy shart-sharoitda o‘qib o‘rganishi, bilim olib, yuksak ma’naviyatli, salohiyatli avlodni yuzaga chiqarishdek xayrli va ezgu maqsad turadi. Aslo undan boshqasi emas.
Bu gapni nodavlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etib, har jihatdan aqlli, zukko va ishbilarmon, oliy ma’lumotli yetuk mutaxassislarni tayyorlashni maqsad qilgan, talaba bo‘lish istagi yillar, imtihonlar chig‘irig‘idan o‘ta olmay yohud yetuk yoshida ham abituriyentligicha qolib ketayotganlarning orzusini reallikka aylantirishga bel bog‘lab, Termiz iqtisodiyot va servis universitetini tashkil etib, 2022-yil 16-noyabrdan buyon oliy ta’limda tub burilish qilib kelayotgan Jamshid Pardayev misolida ham ko‘rib, bilib turibmiz.
TISU dastlab 9 ming nafar talabani bag‘riga olgan bo‘lsa, bu yilgi qabul jarayonlarida talabalik baxtiga muyassarlar soni ikki baravarga oshib, zamonaviy shart-sharoitlarda, professor-o‘qituvchilarning berayotgan ta’lim va tarbiyasidan ulgi olib, aksariyat talabalar allaqchon vohaning turli go‘shalarida, turli yo‘nalishlarda faoliyat ham yuritishmoqda. Xalqaro hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani ham ochilganiga endigina bir yil o‘tgan universitetning nufuzi yuqori ekanligidan, ta’lim sifatini oshirishda, xalqaro bilim va tajribaga ega salohiyatli kadrlar jamoasini shakllantirishda sezilarli ishlar qilinayotanidan darak.
TISU ta’sischisi Jamshid Pardayevni bevosita ta’lim, yoshlar homiysi deya e’tirof etsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, universitetdan tashqari bugun o‘zi 10 yil davomida tahsil olib, fundamental bilimlariga poydevor qo‘ygan Oltinsoy tumani “Navro‘z” mahallasi qaymoqli qishlog‘idagi 48-umumta’lim maktabning yangidan qurilishiga homiylik qilayotir.
Tashabbuskor va jonkuyar insonning sa’y-harakati bilan talabga javob bermaydigan, o‘quvchi-yoshlarning ta’lim olishlarida shart-sharoitlar yetarli bo‘lmagan ushbu ma’naviyat o‘chog‘i tamomila yangi qiyofa kasb etayotir.
— Maktabimiz 1990-yilda moslashtirilgan bino sifatida qurilgan bo‘lib, ayni zamon talabiga javob bera olmaydigan darajada turgan bir vaqtda maktabimizning sobiq bitiruvchisi Jamshid Pardayev ta’lim maskanining yangidan bunyod etilishiga homiylik qilishini eshitib, rosti, qishloq ahli juda xursand bo‘ldi, — deydi maktab direktori Fayzulla Shokirov. —Bugun saxovatpesha tadbirkorimiz, ham o‘quvchimizning qishloq ahliga, ilmga chanqoq bolajonlarga nisbatan qilayotgan ezgu ishlari bilan elga namuna bo‘layotir. Yangidan qurilayotgan maktab partalarida o‘tirib, ta’lim olib, kelajagiga poydevor qo‘yadigan har bir o‘quvchimiz Jamshid Pardayevdek chinakam inson bo‘lib, xalq manfaati yo‘lida mehnat qilib, yorug‘ yuz bilan el ardog‘ida, odamlar olqishida bo‘lib yursa, biz — o‘qituvchilar eng katta maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. Ayni vaqtda imoratning ikkinchi qavatida qurilish ishlari amalga oshirilayotir. Yoshligidan tirishqoq, kamtar Jamshidbek bugun elning bolasi ta’lim oladigan dargohni yangidan qurayotir. Ham sobiq o‘quvchimizning bugungi kunda amlga oshirayotgan ishlaridan quvonsak, ayni paytda ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilarimiz uchun barcha sharoitlarga ega zamonaviy ta’lim maskani qad rostlayotganidan ikki karra quvonchdamiz. O‘qituvchi uchun shogirdining kamolini ko‘rish eng katta baxt bo‘lsa, bir shogirdi boshqa shogirdlariga imkoniyat yaratib berayotganini ko‘rish ulkan baxt aslida.

Zamonaviy o‘quv xonalar, modiy-texnik baza, laboratoriya xonalari, stol-stul, mebel jihozlari, eng so‘nggi rusumdagi kompyuterlar bilan jihozlanishi, oshxonayu kutubxonalar ham qurilishi rejalashtirilgan ushbu ta’lim muassasasi foydalanishga topshirilgach, “bugunim o‘tsa bo‘ldi, sharoiti yo‘q maktabda yaxshi dars berishning imoni yo‘qku”, deya vaqt o‘tkazadigan o‘qituvchilarni ushbu maktab qabul qilmasligi tayin. Zamonga yarasha imoratu shart-sharoitmi, demak, mutaxassis ham shunga yarasha bilim va tajribaga, malakaga ega bo‘lishi shartda. Aks holda, muassasa sirti yaltiroq, ichi qaltiroq bir buyumdek bo‘lib qolishi aniq. Ta’lim sifati esa belgilangan standartlarning sirtidan ham o‘tolmasligi turgan gap.
Tashabbuskor ta’lim jonkuyari esa masalaning bu tomonini ham puxta o‘ylab qo‘ygan. O‘ylangan reja esa ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan 35 nafar o‘qituvchining zamonaviy bilim olishi, o‘z ustida ishlashi va jahon standartlariga javob beradigan salohiyatli kadr sifatida shakllanishiga zamin yaratayotir. Ayni kunlarda, qishki ta’til mahali o‘qituvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, vohaning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirish asnosida, TISUda bir haftalik amaliy o‘quv seminari o‘tkazilayotir. Seminarga ham aynan o‘sha maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar jalb etilgan.
Seminar avvalida ishtirokchilar TISUda yaratilgan shart-sharoitlar, talabalarning sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishishdi. TISU haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgan olis qishloqdan kelgan o‘qituvchilarga belgilangan o‘quv dasturi asosida universitetning professor-o‘qituvchilari tomonidan turli mavzularda ma’ruzalar qilinayotir. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu o‘quv kurs so‘nggida olgan bilim, ko‘nikmlari asosida ishtirokchilar test topshiradi. Yuqori natijalarga erishgan pedagoglarning Turkiya davlatida malaka oshirishiga yo‘l ochiladi.
Jamshid Pardayevning tashabbusi bilan bir paytlar ko‘rimsiz va yaroqsiz holga kelib qolgan olis qishloq maktabining kamtar va samimiy o‘qituvchilarining ko‘kragiga shamol tegib, xalqaro miqyosdagi tajribaga ega bo‘lishsa, “zamon ruhi” singan mutaxassislar jamoasi yangi maktabda yangicha metodlar, innovatsion texnologiyalar asosida o‘quvchi-yoshlarga ta’lim-tarbiya berib, iqtidorlar va iste’dodlarni yuzaga chiqarishga xizmat qilsa ajab emas.
Ta’limga muhabbat bolalik davridanoq singgan Jamshid Pardayev ta’limga hech bir ta’malarsiz sarmoya kiritayotgani natijasida bugun qaymoqlida qad rostlayotgan 500 o‘rinli maktabning yonginasidan qishloq bolalari uchun maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi ham maqsad qilingan. Bu esa tashabbuskorning xayrli ishlari hali davom etajagidan, saxovati elga tatib, kelgusida ko‘plab yetuk mutaxassislar chiqishidan dalolat berib turganday.
Qayerda yangilikka intilish, tantilik va tashabbuskorlik bo‘lsa, o‘sha joyda rivojlanish, o‘sish-o‘nglanishi bo‘ladi, albatta. Oltinsoyning qaymoqlisidan “otilib” chiqqan va bugun saxovatpeshaligi, ta’limga e’tibori bilan ko‘plarga ko‘mak berib kelayotgan Jamshid Pardayev sabab bugun oltinsoylik yoshlarning, ustoz-murabbiylarning ta’limga munosabati o‘zgarib, saloyihatlar yuzaga chiqishiga zamin yaratilayotir.

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ehson

— Alo, Assalomu alaykum, bu ehsonchi akani telefonlarimi?— Vaaleykum...

Giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi

Giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlariga afsuski, duch kelmoqdamiz....

MTTda o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda

Bog‘cha bolajonlarning sevimli maskani. Do‘stlari bilan vaqtini mazmunli o‘tkazadigan,...

“Turon yoʻlbarslari” bellashishdi

Surxondaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab...
KunTun
KunTun