Inson qadri uchun xizmat qiladigan har bir tadbiru loyihaning negizida olam-olam ma’no mujassam. Eshitganda dil yayrab, insonga xushkayfiyat bag‘ishlaydi. Ushbu tamoyilni amalda ko‘rsata olish, jamiyatda inson qadrini chin ma’noda ulug‘lash, unga ehtirom ko‘rsatish uchun juda ko‘p ishlar qilish, katta fidoiylik ko‘rsatish, kerak bo‘lsa, huzur-halovatdan kechishga to‘g‘ri keladi.
Inson qadri baland bo‘lishi uchun poydevori mustahkam islohotlar zarur va bu borada yurtimizda allaqachon amaliy ishlar davom etayotir. Ayni ezgu tamoyil asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan 27 nafar zaif eshituvchi bolaga eshitish apparatlari topshirildi.
Ushbu qora ko‘zlar Sho‘rchi tumanidagi alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 122-sonli ta’lim muassasasining tayyorlov sinfida tahsil olishadi. Ular o‘z ismlarini bugun ilk marta aniq-tiniq eshitdilar. Har qanday ota-ona farzandining bekamu benuqson unib-o‘sishini istaydi. Lekin hayotning turli sinovlari yo‘lingizdan chiqadi, gohida. Sho‘rchilik Marg‘uba opa Ismoilova bilan ham shunaqa bo‘ldi. Egizaklarning eshitishida nuqson borligini bilgan kuni juda qiyin ahvolga tushdi. Keyinchalik sekin-asta bunga ko‘nikdi. Farzandlari uchun eshitish apparati sotib olishga ko‘p marta harakat qildi, ammo bunday noyob jihozni har qayerdan ham topib bo‘lavermaydi. Topganida, moddiy imkoniyati yetmadi…
—Bugun juda xursand bo‘ldim, — deydi u. – Bolalarim eshitish apparatlaridan foydalanishni boshlagach, bir-birlari bilan tinimsiz vijir-vijir qilib gaplashishyapti. Oilamizga quvonch, ko‘nglimizga xotirjamlik kirib keldi shu bilan. Prezidentimizga ming rahmat!
Aytish kerakki, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan 1 milliard 399 million so‘m mablag‘ evaziga 700 dona zamonaviy eshitish apparati xarid qilinib, zaif eshituvchi bolalarga topshirilmoqda. Bunday saxovatli ishlar hech bir davlatda yo‘qligini va apparatlar bilan ta’minlanishi eshitishida muammolari bo‘lgan bolalar ta’limining samaradorligini ta’minlaydi, kasb tanlashi, kasb egallashiga keng yo‘l ochadi va ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishini ta’minlaydi.
27 nafar bolaga eshitish apparatlari topshirildi
Date: