Bayramda ham xalq xizmatida

Date:

Yangi yil insonni bolalikka qaytaradi, beg‘ubor orzularga debocha ochadi. Boladek quvonishni, hayratlanishni, ertak va afsonalarga ishonishni istaymiz. Farzandlarimizni quvontirish uchun uyimizni bayramona bezatamiz. Archa ostiga esa har bir farzandimizning sevimli sovg‘asini hozirlab qo‘yamiz. Bularni Qorbobo tashlab ketganiga ishontirish orqali o‘zimiz ham zavq olamiz. Bu ham yetmagandek, shahrimiz markazida bezatilgan archaga boramiz, qo‘g‘irchoq teatriga yo‘l olamiz. Ayni manzillar bizga yangi yil shukuhini, bayram kayfiyatini beradi. Ertak va multfilm qahramonlari yonimizda, qarshimizda jonlanishadi. Bolajonlar bilan suhbatlashadi, shodon o‘yin-kulguga chorlashadi.
Darhaqiqat, ana shu qahramonlarsiz bayram bayramdek o‘tmaydi, aslida. Viloyat qo‘g‘irchoq teatriga borgan o‘g‘il-qiz teatr ijodkorlaridan ajoyib bayram tuhfasini kutadi. Kutilganidek, bayramona bezatilgan sahnada bayram tomoshalari boshlanadi. Bu safar yosh tomoshabinlar “Baliqvoyning yangi yil sarguzashtlari” deb nomlangan musiqiy shou konsert dasturini tomosha qilishlari, olam-olam zavq olishlari mumkin. Ishonchimiz komilki, tomosha davomida Baliqvoy o‘z sarguzashtlari davomida turli sinovlarga duch keladi. Yovuz qahramonlar yalmog‘iz kampir va Qor malikasi hamda ularning hamtovoqlari o‘zlarining niyatiga yeta olishmaydi. Yakunda esa ezgulik tantana qiladi. Qorbobo va Qorqiz tashrif buyurib, barchani xursand qiladi.
E’tirof etish kerakki, viloyat qo‘g‘irchoq teatrining jonkuyar jamoasi bu bilan kifoyalanishmaydi. Qayerda bayram tadbirlari bo‘lsa, o‘sha yerda hoziru nozir. O‘zlari tayyorlab kelgan ajoyib chiqishlari bilan yoshu kattaning qalbiga yangi yil shukuhi olib kirishayotir. Ayniqsa, surxondaryoliklarning Yangi yil bayramini ko‘tarinki kayfiyat va shodu-xurramlik bilan kutib olishlari maqsadida Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasi maydonida Yangi yil bayrami archasi o‘rnatilgan. Teatr jamoasining ayni archa atrofida tashkil etilgan konsert dasturlaridagi ishtiroki esa bolajonlarimizga bayram quvonchini, vohadoshlarimizga esa maroqli hordiq ulashayotir.
Albatta, oynai jahon orqali sevib tomosha qilgan ertak va multfilm qahramonlari bolajonlarning ko‘z o‘ngida ko‘rinish bersa, ular bilan suhbatlashib, so‘roq-savol qilsa, raqsga tushsa, kim ham quvonchga to‘lmaydi, hayratu hayajonini yashirib turardi. Xuddi shunday, Buratino, Osteriks va Obeliks, Kashsheyu Yalmog‘iz kampirlar, Supermenlar o‘zlarining olamiga bir onga bo‘lsa-da, olib ketganday bo‘ladi. Taassurotlar hissini esa ayni tomoshalarda his etish mumkin. Qorbobo va Qor qiz esa qalbimizga bayram shukuhini olib kiradi. Ana shunday qahramonlar ko‘rinishidagi viloyat qo‘g‘irchoq teatrining professional jamoasi o‘z rollarini qoyilmaqom ijro etishadiki, bolajonlar obrazlarni to‘laqonli his etishadi. Ha aytgancha, yangi yil kechasi 12 ga bong urganda ham bayram bo‘layotgan maydonda teatr jamoasini uchratasiz. Hamma oila davrasida, to‘kin dasturxon atrofida yangi yilni kutib olishayotganda aktyorlar jamoasi xalq xizmatida bo‘layotgani hurmatingizni, ixlosingizni oshiradi. O‘z kasbiga, ishiga bo‘lgan muhabbatning kuchi ana shunday fidoyilikka sabab bo‘larkan-da, degan o‘y xayolingizdan o‘tishi aniq.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Fayz” savdo markazi ochildi…

Bugun Bandixon tumani aholisi uchun unutilmas shodiyona kun...

“G‘armaqo‘rg‘on” yo‘llari asfaltlanmoqda

Ko‘chalarimizning notekis o‘nqir-cho‘nqirligi nafaqat kayfiyatimizga balki xavfsizligimiz uchun ham...

Jarimasi bor…

Telefonsiz hayotimizni tasavvur eta bo‘lmas darajaga yetganmiz. Uyda ham,...

Yig‘im-terim avj oldi

Kuz fasli qishloq xo‘jaligi sohasida yil davomida amalga oshirilgan...
KunTun
KunTun