Sport – yoshlik, shijoat, barkamollik timsoli sifatida barcha xalqlar tarafidan sharaflanadi. Har qanday millat sport sohasida erishilgan yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Agarda, sport go‘zallik timsoli sifatida sharaflanmaganida edi, biz hech qachon, ringda biri ikkinchisini ayovsiz do‘pposlayotgan, kurash gilamida raqibiga nisbatan bo‘g‘ish va og‘riq beruvchi usullarni qo‘llayotgan sportchilarning xatti-harakatlaridan zavqlanmagan bo‘lardik.
Sharq xalqlarida, xususan, turkiylarda qadimdan hozirgi zamonaviy sport turlariga asos bo‘lgan chavandozlik, qilichbozlik, merganlik va kurash rivoj topgan. Turkiylar chavandozlik va qilichbozlik kabi harb ilmida tengsizligi bilan doimo o‘zgalarning yuragiga g‘ulg‘ula solgan. Muborak hadisi shariflarda ham farzandlarni chavandozlik, qilichbozlik va merganlikka o‘rgatishga da’vat qilinadi.
Barchamiz uchun sevimli bo‘lgan qahramonlik eposi, “Alpomish” dostonidagi obrazlar timsolida ayollar ham jasurlikda erkaklardan aslo qolishmasligiga guvoh bo‘lamiz. Alpomish 90 alpning biri bilan kurash tushayotib, ha deganda bosishavermagach, Barchin Alpomishga qarata, “Ey, qo‘ng‘irotning alpi, mard g‘animni siltab otmaydimi, shu ham olish bo‘ldimi, agar qurbing yetmasa, davrani bo‘shat, yengimni shimarib, o‘zim davraga chiqayin, raqibni siltab osmonga otayin, sen tomosha qilib tur, shashtim kelsa, bir yigitcha kuchim bor”, deya ta’na qiladi. Bundan uyalgan Alpomishning kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shilib, raqibini siltab otadi.
Barchin faqat jasur va dovurak bo‘lib qolmay, qo‘lini tutmoqchi bo‘lgan yigitdan ham salohiyat va bahodirlikni talab qiladi. Bu jihatdan uning Alpomish va to‘qson alp oldiga to‘rt shart (yoy tortishish, ming qadamdan tanga pulni urish, poyga, kurashda to‘qson alpni yiqish) qo‘yishi xarakterlidir. Hakimbek yetti yoshga yetganida Alpinbiy bobosidan qolgan o‘n to‘rt botmon birinchdan bo‘lgan parli yoydan o‘q uzib, Asqar tog‘ining bir cho‘qqisini uchirib yuboradi, shundan keyin Alpomish ismini oladi. Ko‘hna dostonlarimizdagi Alpomish, Oybarchin kabi obrazlar shunchaki badiiy to‘qima emas. Ular hayotda bo‘lishgan va hozir ham bor. Ularning izdoshlari bugun xalqaro maydonda, jahon miqyosidagi musobaqalarda yurt orini sharaf bilan himoya qilishmoqda. Zero, ular bugungi kunimiz va kelajagimizning haqiqiy qahramonlaridir.
Hech kimga sir emas, so‘nggi yillarda viloyatimizda sportning barcha turlari rivoj topib, sportchilarimiz dunyoning turli mintaqalarida xalqaro va jahon chempionligi uchun bo‘lib o‘tayotgan musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishmoqda.
Viloyatimiz sportchilari tomonidan erishilayotgan muvaffaqiyatlar maqtasa arzigulik. Joriy yilda sportchilarimiz olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan kompleks va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda munosib ishtirok etib, jami 100 ta, shundan 40 ta oltin, 37 ta kumush va 23 ta bronza medallar shodasini qo‘lga kiritishganligi, albatta, quvonchli voqea bo‘ldi. Bu so‘nggi yillarda mamlakatimizda sportga bo‘lgan e’tiborning yorqin samarasi deyish mumkin.
Viloyatimizda mavjud zallarda muntazam ravishda sport mashg‘ulotlarining namunali yo‘lga qo‘yilishi, nomdor sportchilarni va yangidan-yangi chempionlarni kashf etmoqda. Bunday muvaffaqiyatlar zamirida, albatta, ustoz va murabbiylarning beminnat xizmati yotadi. Ayni paytda viloyatimizda barcha turlar bo‘yicha malakali murabbiylar sport to‘garaklarida mashg‘ulotlar olib borishmoqda.
Yil davomida bo‘lib o‘tgan 67 ta xalqaro musobaqada milliy terma jamoa safida 203 nafar (shundan 65 nafari ayol) surxondaryolik sportchi yurtimiz sharafini himoya qilganligi, vakillarimizning salohiyatidan darak berib turibdi.
Joriy yilda Xitoy davlatidagi Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida boks bo‘yicha Bahodir Jalolov (olimpiya va ikki karra jahon chempioni), dzudo bo‘yicha Muzaffar To‘raboyev (jahon chempioni), kurash bo‘yicha Muhsin Hisomiddinovlar (jahon chempioni) oltin, dzudo sport turining aralash jamoaviy dasturida Rinata Ilmatova, shaxmat sport turidan FIDE ustasi Umida Omonovalar kumush medalni qo‘lga kiritishganli milliy terma jamoamizning umumiy reytinggiga munosib hissa bo‘ldi.
Shu bilan birga, Paraosiyo o‘yinlarida para taekvondo bo‘yicha Guljanoy Naimova oltin, para dzudo bo‘yicha Feruza Ergasheva kumush, Lobar Xurramova bronza medallariga ega bo‘lishdi.
Shuningdek, Surxon vohasida o‘sib ulg‘ayib kelayotgan nomdor sportchilar jahon sport arenalarida O‘zbekistonning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Boks bo‘yicha ikki karra Osiyo chempionati sovrindori Dilshod Abdumurodov, yoshlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempionati sovrindori Xo‘janazar Nortojiyev, dzudo sport turidan jahon va Osiyo chempioni Jahongir Mamatrahimov, jahon chempionati sovrindori Dilshodbek Baratov shular jumlasidan.
Kuni kecha vohadoshimiz, viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Shaxmat” to‘garagi a’zosi Umida Omonova Birlashgan Arab Amirligining Al-Ayn shahrida shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 41 ta davlatdan tashrif buyurgan 650 nafar sportchi o‘quvchi yoshlar orasida faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganligini shunchaki tasodif deb bo‘lmaydi. Bu singari yutuqlar sportchi va murabbiylarning tinimsiz mehnatlari evaziga qo‘lga kiritilmoqda.
Yil davomida viloyatimiz sportchilari tomonidan Osiyo o‘yinlarida 4 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza, Jahon chempionatida 22 ta oltin, 21 ta kumush, 24 ta bronza, Osiyo chempionatida 32 ta oltin, 46 ta kumush, 62 ta bronza, xalqaro turnirlarda 36 ta oltin, 34 ta kumush, 43 ta bronza, O‘zbekiston chempionatida 147 ta oltin, 154 ta kumush, 256 ta bronza, O‘zbekiston kubogida esa 45 ta oltin, 43 ta kumush, 61 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi. Erishilgan yutuqlarning salmog‘idan ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda viloyatimizda sportning barcha turlari bo‘yicha o‘sish, rivojlanish bor.
Bugungi kunda viloyatimizdan 193 nafar sportchi milliy terma jamoa a’zosi hisoblanadi. Zaxiradagi sportchilar 147 nafar va ularning umumiy soni 342 nafarni tashkil etadi. Barpo etilayotgan sport inshootlarining uzviy davomi sifatida, 2024-yil yakuniga qadar mahallalarda ko‘p funksiyali 30 ta, jumladan, 20 ta universal, 5 ta stritbol-vorkaut va 5 ta vorkaut sport maydonchalari qurilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda viloyatimizda aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida ishlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Kelgusida viloyatimizdan Bahodir Jalolov, Eldor Shomurodov singari yetuk sportchilar yetishib chiqishiga hech shubha yo‘q. Zero, bu borada viloyatimizda yetarlicha shart-sharoit bor. Qolgani sportchilarimizning intilish va harakatiga bog‘liq.
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV