Ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, tizimni yangi bosqichga olib chiqdi. Albatta, o‘zgarish va yangilanishlar qilinar ekan, muammo va kamchiliklar ochiqlanadi. Ularning yechimini esa ilm ahlidan, sohaga aloqador kadrlardan izlaymiz. Ayni maqsadda Termizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “O‘qituvchilar qurultoyi” o‘tkazildi. Surxondaryolik pedagoglar yagona maqsad yo‘lida birlashib, ta’lim-tarbiya masalasini eng samarador usulda tashkil qilish borasida kengashdilar.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev joylarda ilk marta o‘tkazilayotgan tadbirning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, nufuzli qurultoyga tajribali, izlanuvchan o‘qituvchi-murabbiylar taklif etilayotganining sababini aytib, ustozlarning yosh avlod kamoloti yo‘lidagi xizmatlarini e’tirof etib, jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini yanada oshirish lozimligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot chog‘ida pedagoglar ta’lim-tarbiya sifatini yangi bosqichga olib chiqish, oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarida yaxshi natijalarga erishish, ta’limdagi ilg‘or tajribalarni keng joriy etish kabi masalalarda qator takliflarni ilgari surdi. Forum doirasida bo‘lib o‘tgan seminar-treningda zamonaviy ta’lim metodikalari bo‘yicha bilim va malakalar oshirildi. O‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash, o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish, loyihaga asoslangan ta’lim singari metodikalardan oqilona foydalanish, aniq va tabiiy fanlarni yanada sifatli o‘qitish masalalari bo‘yicha ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Forumda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham ishtirok etdi va yakunda viloyatimizda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh fidoyi pedagoglar “Xalq ta’limi a’lochisi, “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
“O‘qituvchilar qurultoyi” o‘tkazildi
Date: