Sariosiyo tumanida bir kechada 40 tup daraxt g‘oyib bo‘ldi-yu, bu yerda hech qachon daraxt bo‘lmagandek gullar o‘sib chiqqaniga barchaning aqli lol qoldi. Yoki daraxtlarning dafn marosimi bo‘lgan-u, o‘rnida gullar bilan xotirlangandek… tavba, bunday holatni qanday tushunishniyam, qay tarzda qabul qilishni ham bilmaysan kishi. Xolbuki, qirq tup tiriklikning bir kechada yo‘q bo‘lishi, o‘tinga aylanishini, bu ishni qilganlarning qilmishini hech bir so‘z bilan oqlab bo‘lmaydi. Ular jinoyatchi, ular qotil, ular tiriklik, tabiat qotillari. Aks holda tabiatga bunday ozor yetkazishmasdi. Ha, ha, ular hech shubhasizki, tabiat xoinlari. Yoki bo‘lmasa, ular har bir ko‘chatni ekib, yillar davomida unib-o‘sishi, gurkirab yashnashi uchun qilingan mehnatning mashaqqatini o‘ylab ko‘rishardi.
Davlatimiz tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasi amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarga bu taqlid qo‘l siltashmasdi. Nahotki, inson bu qadar tubanlika borishi mumkin. Nahotki, ongli mavjudodlarga uni qilma, bunga tegma deya uqtirish joiz bo‘lsa… nahotki, ularni ana shunday manfurlikdan to‘xtatish uchun reyd va nazorat tadbirlari o‘tkazilib, soha xodimlari doimo xushyorlikni saqlashi zarur bo‘lsa.
Termiz shahridagi Matbuot uyida Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani davomida ana shunday dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.
So‘zga chiqqanlar viloyat hududida ekologiya va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash hamda tabiatga zarar yetkazuvchi holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tishdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etgan tadbirda ko‘tarilgan mavzu muhim ahamiyat kasb etdi. Keng jamoatchilikka amalga oshirilgan ishlarni yetkazish bilan birga, tabiatga, ekologiyaga zarar yetkazmaslik haqida tushuntirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish masalalasi o‘rtaga tashlandi.
Anjumanda Viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Ro‘zigul Safarova hamda Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nurillo Tursunov mavzu yuzasidan hamkorlikda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berdilar. Unda viloyat hududida flora va fauna olamini asrab-avaylash, daraxt kesilishi, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlanishi, obyektlarning sanitariya-gigiyena talablari va boshqa shu kabi atrof-muhitga zarar yetkazadigan holatlarning oldini olish borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi daraxt ekish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishlar xususida ham to‘xtalib o‘tilib, tegishli ma’lumotlar berildi. Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mas’ullardan batafsil javob oldilar.
S.Allayeva,
N.Muhibulloyev
(surat)