Qishloq xo‘jaligida 10 karra hosilni oshirishning imkoni bor. Buning uchun shunchaki inson ishidagi yangiliklardan xabardor bo‘lib, uni amalda qo‘llay olish lozim. 10 karra hosil olishning siri esa oddiy. Barchamizga ma’lum, Kaliforniya qizil chuvalchangi tayyorlab beradigan biogumus orqali hosildorlikni oshirish mumkin.
Ushbu chuvalchang ishlab chiqaradigan biogumus ekologiya uchun foydali bo‘lish bilan bir qatorda, ko‘chatga kuch beradi va hosildorlikni oshiradi. Surxondaryo viloyatida ham biogumus ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “Kaliforniya chuvalchangi” va “Biogumus” ishlab chiqarish MCHJ rahbari Umidjon Abdumalikov bu borada ishi yurishgan tadbirkorlardan. Uning mehnatlari munosib baholanib, yosh tadbirkor “Kelajak bunyodkori” medali bilan ham taqdirlangan.
Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tadbirkor Umidjon Abdumalikov bilan uyushtirilgan uchrashuv esa keng jamoatchilik, talaba-yoshlar uchun qiziqarli va foydali bo‘ldi.
Albatta, har qanday ishning, ilk qadamning qiyinchiliklari mashaqqatlari bo‘ladi. Busiz ba’zi hayot haqiqatlarini anglash qiyin ham. Uchrashuvda tadbirkor oʻzining hayot yoʻli, tadbirkorlik sohasiga kirib kelishi haqida gapirar ekan, faoliyati davomida boshdan kechirgan qiyinchiliklari, duch kelgan muammolari, sohaga oid bilimlar hamda tajribadan oʻtgan metodikalar haqida to‘xtaldi.
Tadbirkor bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlar uchun barcha sharoit mujassamligi, tadbirkorlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanib, ularning faoliyati davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligini ta’kidladi.
Ushbu erkin muloqot talabalar uchun qaysidir ma’noda mahorat darsi ham bo‘ldi deyish mumkin.