“Oltin qalam” milliy mukofoti qo‘liga qalam yoki mikrafon tutgan ijod ahli, jurnalist borki, qalbida ushbu mukofotga yetish orzusini alangalatadi. Bu bir cho‘qqiki, har bir jurnalistman degan yoshmi, yoshi ulug‘ kasb egasiga-da o‘sha pillapoyaga ko‘tarilishga umid va ishtiyoq uyg‘ota oladi. Har safar “Oltin qalam” milliy mukofotining tantanali taqdirlash marosimini kuzatib borar ekanman, men tanigan-bilgan jurnalistlarning ham taqdirlanganlar orasida borligini ko‘rib, mukofot aynan o‘z egasini topayotganiga ishonchim komil bo‘lib boradi.
Ana shunday kuzatuvlarim talabalik davrimdan boshlangan. O‘shanda yomoshabin sifatida ishtirok etgan edim. Nomi anchayin ommaga ma’lum inson, yoshi anchayin keksayib qolganiga qaramay jurnalistika fakultetining talabalariga dars berib kelayotgan ustoz ham taqdirlangan edi. O‘shanda quvongandik, sababi domlalarimiz, bu insonni jon quloqlaring bilan tinglanglar, u kishi tirik tarix derdilar. Shundanmi, har bir saboqni qoldirmay tinglab borardik.
Mana necha yilar o‘tdi. Shu sohada faoliyat yuritib, sohaning mashaqqati-yu rohatini ham tatib kelmoqdamiz. Biz bilan yelkama-yelka faoliyat yuritib kelayotgan hamkasblarimizning ijodini kuzatamiz. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyat hayotini yoritishda javlon urib mehnat qilmoqdamiz. Bu safar ham poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovining g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimida Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasining “Yangi asr” radiosi bosh muharriri Ilhom Rahmatovning radio yo‘nalishi bo‘yicha 3-o‘rin g‘olibi deb topilgani haqidagi xabar, nafaqat mukofot sohibini, balki u kishi bilan hamkasb, hamnafas bo‘lib faoliyat yuritayotgan hamkasblarini ham quvontirgani rost.
Doimo uyg‘oq qalb bilan, jamiyatda hech kim e’tibor bermaydigan jihatlarni, og‘riqlarni chiqarishga urinadigan Ilhom Rahmatovning o‘z so‘zi, o‘z uslubi bor. Mehnati munosib rag‘bat topgan hamkasbimizni ushbu yuksak mukofot bilan qutlaymiz.
“Oltin qalam” egasini topdi
Date: