Yaxshi xabar tez tarqaladi. Agar shunday bo‘lmaganida edi, Sherobod tumani “Oyinli” mahallasi Bo‘ston massivi hududidagi “Sardorbek Sultonbek Samir Daler” MCHJ dalasida ranglari sariq tus olib pishgan qovunning ovozasi bir zumda Surxondaryo bo‘ylab tarqalmasdi. Bu xabarni eshitganning shirin-shakar, til yorar qovundan tatib ko‘rish istagi tug‘ilgani aniq.
Mazali qovun nafaqat hushxo‘r poliz ekini mahsuloti, balki organizm uchun kon-u foyda hamdir. Tanaga quvvat bo‘lguvchi, vitaminlarga boy qovundan mavsumda mazza qilib tanovul qilib olish shart. Mavzuga qaytadigan bo‘lsak, tumanda faoliyat yuritguvchi “Sardorbek Sultonbek Samir Daler” MCHJ hamda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanidagi agronom dehqon Abdutolib Neʼmatov bilan hamkorlikda anorzor qator orasiga 10 gektar “Dakara” navli erta pishar qovun hamda 10 gektar “Do‘lbe” navli tarvuz ekilgan edi. Yetarli qarov va ishlovdan so‘ng, qovunlar yetishib chiqdi. Poliz ekinining ilk hosili olinib, xalqimiz dasturxoniga tortiq etish maqsadida ichki bozorlarga yo‘l oldi. Aytish kerakki, qovunning 1 gektaridan 30 tonnagacha, tarvuzdan esa 60 tonnachaga hosil olish kutilmoqda.
Termiz tumanining dehqon-u fermerlari ham aslo sherobodliklardan qolishmadi. Tumanning “Soliobod” mahallasi dalalarida shirasi tilni yoradigan qovunlar pishib yetildi. Qovunlar aholi isteʼmoli uchun mahalliy bozorlarga olib chiqilayotgan bo‘lsa, ortiqchasi esa eksport uchun xorijiy davlatlarga chiqarilmoqda. E’tiborli jihati, ushbu qovunlarni yetishtirishda mehnati singgan Yoqub Jo‘rayev o‘zining qovun yetishtirishdagi bir necha yillik tajribasi natija berganidan xursand. Sababi u poliz va sabzavot mahsulotlarinining ertapishar navlarini yetishtirish bilan doimiy sho‘g‘illanib keladi-da. Yoqub Jo‘rayev faqat qovun bilan kifoyalanmadi, handalak va tarvuz mahsulotlarini ham bozor rastalariga yetkazib berish arafasida.