Shunday bir yoshni bilaman, doimo avtobusda bo‘ladimi, o‘qishda — tanaffusda tengdoshlari bilan gurunglashish, xursandchilik qilish o‘rniga mutolaa bilan band bo‘ladi. Kitob yo‘ldoshi, qo‘ltig‘iga qisib olgancha, fursatini topsa, o‘qiydi. Ammo, yana bir toifa insonlar borki, topgan pulini yeb-ichishga, moddiy va maishiy mqsadlarga sarflab yuboradi. Kun kelib ortiga nazar tashlaganida esa topganini sovurganini, bir tiyinini ham foydali maqsadlarga sarf etmaganini tushunib, afsuslanadi. Afsuski, keyin kech bo‘lgan bo‘ladi… endi bir o‘ylab ko‘raylikchi, qaysi yo‘lni tanlagan hayotda yutarkin?
Albatta, bugungidek kitobxonlikka keng e’tibor qaratilgan, kitob o‘qishga targ‘ib etilayotgan bir paytda yosh-u katta mutolaaning ahamiyatini yaxshi tushunib yetgani ham haqiqat. Ana shunday sa’y-harakatlarga munosib tarzda Uzun tumani markazida yangi kitob do‘koni qad rostladi.
“Kitob dunyosi” nomli kitob do‘konining ochilish marosimi esa tuman ahli uchun katta xursandchilikka sabab bo‘ldi. Marosim katta tantanaga ulanib ketdi. Ma’naviy xazina ulashguvchi maskanning faoliyati tadbirkorning hamyoniga, tuman ahlining esa ong-u shuuriga foyda olib kelishini tilashga kelgan ziyo ahli esa barchaga o‘zlarining samimiy tilaklarini, fikrlarini bildirdilar. Ayniqsa, tuman hokimi X.Bozorovning-da kitob do‘konida hozir bo‘lishi, tumanda bo‘layotgan mana shunday ishlarga tuman rahbarining-da befarq emasligini ko‘rsatadi. Hokim so‘zga chiqib, kitobning yoshlar hayotida tutgan o‘rni haqida so‘zlab, kitobni sevish — Vatanni sevish ekanligini, kitob eng yaqin do‘st, maslakdosh va beminnat ustoz ekanligini taʼkidladi. Shundan so‘ng, o‘quvchilar kitob, Vatan, tinchlik mavzusida sheʼrlar o‘qidi va tadbir ajoyib kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.
Umid qilamizki, ushbu kitob do‘konidan kitobxonlarning qadami uzilmaydi, o‘zbek va jahon adabiyotining nodir asarlarini, ilmiy, ma’rifiy qo‘llanmalarni xarid qilishib, o‘zlarining ma’naviy dunyosini kengaytirib boraverishadi.
Sohibjamol