Ayol kishi yaxshigina pazanda bo‘lsa yoki tikish-bichishni bilsa, bekorchiman, ishsizman demasa ham bo‘ladi. Tikish-bichish yoki pishir-kuydir qilib ham bir-ikki so‘mlik bo‘ladi. Shunchaki qunt va istak bo‘lsa, kifoya. Angolik Xolida Qodirqulova ham ana shunday tadbirli ayollardan chiqdi. Pazandalikka bo‘lgan katta qiziqishi, ishtiyoqi uni tadbirkorlik qilishga undadi. Va shu tariqa ishni bankdan 16 million so‘m imtiyozli kredit olishdan boshladi.
Buning uchun o‘zi yashaydigan mahallada faoliyat yuritguvchi hokim yordamchisiga murojaat qildi. Ana shunday tashabbuskor, o‘z orzu va istaklarini, maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida yurgan shijoatli fuqarolarni kutayotgan hokim yordamchisi ham kerakli yordamni berdi. Bu orada o‘zining bilim va mahoratini yanada boyitishni istagan ishbilarmon ayol 3 oy davomida shirinliklar tayyorlash kursida ham o‘qib oldi. Shundan keyin olgan krediti bilan faoliyatini boshlagan qandolatchi hozirgi paytda 20 tadan ortiq turli xil qandolat mahsulotlari tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan.
Aslo bir o‘zi emas, yoniga 2 nafar qo‘li chaqqon yordamchi olib, ularni-da ish, doimiy oylik maosh bilan ta’minlagan. Ha aytgancha, tumanda shirinliklar sexi faoliyat yuritayotgani, u yerda bir-biridan mazali qandolatchilik mahsulotlari pishirilayotgani nafaqat mijozlar sonining ortishiga, balki ana shu shirinliklarni pishirishga ishtiyoqi baland yoshlarning sonini oshishiga ham xizmat qilayotir. O‘rganish istagida kelganlarni ham Xolida opa ko‘kragidan itargani yo‘q, qaytamga mamnuniyat bilan qabul qilib, qandolatchilik sir-asrorlarini o‘rgatib, ustozlik qilayotir. Hozirda esa ana shunday shogirdlar soni 10 dan ortiq.
S.Murodova