Muhim siyosiy jarayonlar oldida turibmiz. 30-aprel kuni esa Konstitutsiyamizning yangi qonun loyihasini tasdiqlovchi referendum bo‘lib o‘tadi. Bunda xalqning faolligi talab etiladi. Kuchga kirajak qonun esa fuqarolarning huquq va manfaatlarini, majburiyatlarini kafolatlashi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Xolbuki, referendum bo‘lib o‘tadigan kun hamma ham o‘z yashash hududida bo‘lmasligi mumkin. Shu sababdan ham O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risidagi qonunining 351-moddasiga asosan Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanini ta’kidlab o‘tmoq lozim.
Aytish kerakki, muddatidan oldin ovoz berish referendumga o‘n kun qolganida, ya’ni kecha 19-aprel kuni boshlandi. Muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari esa referendumga uch kun qolganida yakunlanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va fuqarolarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.
Termiz shahridagi “Mehrobod” mahallasidagi “Tarix va madaniyat” qo‘riqxona muzeyida 269-saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, ayni kunlarda ushbu saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etmoqda.
— Kecha 11 nafar fuqaro muddatidan oldin ovoz bergan bo‘lsa, bugun kun davomida 10 nafar fuqaro ovoz berish uchun murojaat qildi, — deydi Termiz shahridagi 269-saylov uchastkasi raisi Nasiba Xushshiyeva. — Ko‘rib turganingizdek, saylov uchastkamizda har bir fuqaroning, qolaversa, biz a’zolarning xizmat ko‘rsatishimiz uchun yetarlicha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Fuqaro shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan keladi va muddatidan oldin ovoz berish sababini yozadigan arizasida ko‘rsatib o‘tadi. Aytish kerakki, saylov uchastkasi a’zolari boshqa hujjat talab qilishga haqli emas. Shundan so‘ng, uchastka komissiyasidan referendumda ovoz berish byulletenini olib, maxsus yopiq xonada to‘ldirgach, konverga soladi va yopiq konvertni saylov komissiyasi a’zolariga taqdim etadi.
Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosining imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi. Va ushbu konvert tegishli uchastka komissiyasining seyfida referendumda ovoz berish jarayonlari tugagunga qadar saqlanadi.
— Asli qashqadaryolikmiz, harbiy bo‘lganim sabab Surxondaryo viloyatida o‘z xizmat vazifamni o‘tamoqdaman, — deydi harbiy xizmatchi R.Norqulov. — Referendum bo‘ladigan kuni xizmat safari bilan boshqa hududga ketayotganimiz sababi bilan bugun oilam bilan muddatidan oldin ovoz berdik. Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, qonun o‘zgarishlariga befarq emasmiz. Qolaversa, bosh qomusimizning yangi loyihasining kuchga kirishi siz-u biz, barchamiz uchun manfaatlidir. Shuning uchun ham fuqaro sifatida barcha yurtdoshlarimizni referendumda faol ishtirok etishga chorlayman.
Muddatidan oldin ovoz berish uchun har bir fuqaro ish kunlarida ertalab 8:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari esa 12:00 dan 16:00 gacha o‘zi yashaydigan hududga qarashli saylov uchastkasiga murojaat qilishi mumkin.
Sayyora Allayeva,
Naimullo Muhibulloyev
(surat)