Bugun tibbiyot sohasida ham xususiylashish jadallik bilan rivojlanib boryapti. Qayga boqmang, qaysidir sohaga yo‘naltirilgan klinikaga duch kelasiz. Bu, albatta yaxshi. O‘z navbatida klinikalar soni ortishi bilan birga faoliyatini yo‘lga qo‘ya olmay yarim yo‘lda to‘xtaganlar ham yo‘q emas. Istaymizmi yo‘qmi, sog‘lom raqobat, xavfsiz tibbiyot yo‘lga qo‘yilar ekan sohada saralanish vujudga keladi. Klinikaning istiqbolini uni tashkil etishga qo‘yilgan ilk qadamdanoq puxta o‘ylab, rejalar asosida ishni amalga oshirmoq darkor. Xo‘sh, klinika uchun tanlangan joy, bino qurilishi yoki tayyor binoning klinika uchun tayyorlash jarayonlarida nimalarga e’tibor qaratish kerak? Marketing qanday yuritiladi? Kerakli asbob-uskunalar, mebellar-u jihozlar bilan ta’minlanishi, ko‘rsatiladigan xizmat turlari… xullas bosh qotiradigan jihatlar ko‘p. Litsenziya olishdan tortib, xizmat ko‘rsatishni boshlagunga qadar vaqt va mablag‘ to‘g‘ri yo‘naltirilishi lozim.
Aytish kerakki, viloyatda 303 ta xususiy klinikada (78 tasi statsionar) 4 mingga yaqin tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Sohada malakali mutaxassis va so‘nggi rusumdagi uskunalar bilan ta’minlanganlik xizmat sifatini oshiradi. Afsuski, barcha klinikalar ham kerakli apparatlar bilan to‘liq ta’minlanmagan, borlari ham eski. Yangidan-yangi texnologiyalar taklifi esa faoliyat yuritib kelayotgan va o‘z ishini yo‘lga qo‘yish arafasida bo‘lgan xususiy klinikalar uchun foydaga xizmat qilishi aniq.
Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy rivojlantirish boshqarmasining 2022-yilga mo‘ljallangan faoliyat strategiyasiga bag‘ishlangan o‘quv-seminarida tibbiy jihozlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Poytaxtda faoliyat yuritib kelayotgan o‘nga yaqin kompaniyalar so‘nggi avlod bo‘lgan diagnostik, xirurgik, fizioterapevtik, nevrologik, laboratorik apparatlarni taklif qildilar. Marketologlar qiziqish bildirilgan asbob-uskunalar haqida kerakli ma’lumotlarni aytish bilan birga, xarid uchun foydali takliflar ham bildirdi.
— Tibbiyot sohasida yangidan-yangi texnologiyalardan foydalanish tahlil va natijalarni aniq va tezkorlik bilan chiqishida yordam beradi, — deydi “Intermed inavation” korxonasi menejeri Gulchehra Magametova. — Aniq qo‘yilgan tashxis, davo choralarigina bugungi zamon odamini ishontira oladi. Biz bugun ana shunday innovatsion texnologiyalarni taklif etyapmiz. Eski ultratovush (uzi) apparatini yangisiga almashtirib berish orqali mahsulotimizni ommalashtiryapmiz. Bu xaridor uchun ham foydali.
Ko‘rgazmada taklif etilgan asbob-uskunalarga ko‘pgina xususiy tibbiyot tashkilotlarining vakillari qiziqish bildirdi. Shu yerning o‘zida ikki tomonlama kelishuv va shartnomalar imzolandi.
Qolaversa, o‘quv-seminar doirasida xususiy tibbiyot tashkilotlarida tibbiy faoliyatni yo‘lga qo‘yishga doir qonun hujjatlaridagi o‘zgarish va yangiliklar, soliq, bojxona imtiyozlari, qolaversa, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda tibbiy turizmni rivojlantirishni tartibga solish bilan bog‘liq masalalar bilan ham tanishtirildi.
Sayyora NORMURODOVA