Unutmoq osonmas…

Date:

“Tanlangan” deganda ba’zi buyuk insonlar, favqulotda iste’dod sohiblari yodga tushadi. Ana shunday insonlardan biri Mannon Uyg‘ur bo‘lsa kerak. Asl ism-u sharifi Mannon Majidov degich toshkenlik yigit asli uyg‘urmidi deguvchilar ham topiladi. Aslo, Uyg‘ur “uyg‘onish” ma’nosini anglatgani uchun ham Mannon ayni shu taxallusni tanlagan bo‘lsa, ajab emas. Insonga berilgan nom uning tadqirini belgilab berishi ham ushbu hayot yo‘lida gavdalangandek. U o‘zbek xalqini o‘lmas milliy teatr san’ati bilan uyg‘ota oldi. U shunday maktab yaratdiki, milliy san’atimiz shuhrat qozondi. Uning nigohi, ko‘ngil ko‘zlari qanchadan-qancha iste’dodlarni kashf etib, turmush bilan bog‘liq komediyalardan tortib, fojiagacha tomoshabinga taqdim etib, muvaffaqiyat qozona oldi.

Mannon Uyg‘urning shogirdlari, izdoshlari ustozning “Agar sahnada tomoshabinlarga teskari tursang, yelkang rol ijro etaversin”, degan gaplarini yaxshi eslashadi. Mashg‘ulotlardagi har bir chiqish, kichik voqea-yu personajgacha, imo-ishoraning sayqaliga, harakatlarning jilosiga, so‘zning kuchi-yu talaffuzga ham diqqatli, e’tiborli bo‘lgan. Tarjimalar qilib, ko‘plab sahna asarlari yaratgan.

Arzimas xatolarga ham jiddiy qarab, kuyib-pishishlar, uzoq o‘qilgan va’zxonlik Mannon Uyg‘ur tabiatiga xos. U yaratgan maktabda o‘qigan, izlangan, o‘rgangan iste’dod borki sayqal topdi, el og‘ziga tushib, mehr-muhabbatga sazovor bo‘ldi.

— 1930-40-yillar… Poytaxtda Hamza nomidagi teatrda taniqli dramaturg, rejissor Mannon Uyg’ur tomonidan ko‘plab sahna asarlari sahnalashtirilayotgan paytlar edi. U kishini ijodiy jamoa Uyg‘ur og‘a deb atardi. Aktyorlar ichida  Xadicha Boboxonova, ya’ni mening onam ham bor edilar. Ular umumiy ko‘rinishlarda, “Boy va xizmatchi”, Alisher Navoiy kabi ko’plab dramalarda ishtirok etganlar. 1939-yilda iqtidorli yoshlarni  Moskvaga o‘qishga jo‘natishganda onam ham o‘qish uchun ketadi. Afsuski, bu orada urush boshlanadi. Yigitlar urushga safarbar etiladi, qizlar esa yo‘llanma asosida viloyatlarga jo‘natiladi. Onamlar shu tariqa Surxondaryoga kelib, ijodiy faoliyatini vohada davom ettiradi. Umrining 65 yili davomida  150 dan ortiq bir-birini takrorlamas ro‘llari bilan xalq mehrini qozonadilar, — deya eslaydi O‘zbekiston xalq artisti G. Ravshanova.

Xadicha Boboxonovaning qizi xalq artisti Gulnora Ravshanova ham onasiga munosib izdosh bo‘la oldi. Yoshligidan teatr sohasiga mehr qo‘yib, bugun mahoratli aktrisa sifatida faoliyat yuritib kelayotir. Gulnora Ravshanova yaxshi eslaydi, onasi ustozi Mannon Uyg‘urdan o‘rganganlarining barini o‘rgatgan, ustozi haqida ajoyib hikoyalarni so‘zlab bergan. Balki shuning uchun ham aktrisa M. Uyg‘urni ustoz maqomida ko‘rib, o‘z taqdiridan, tanlagan yo‘lidan faxrlanar.

Mannon Uyg‘urning ibratli hayot yo‘li va o‘zbek professional teatrini tashkil etishdagi sermahsul ijodi, harakatlari bu inson nomini tarixga muxrlaydi. Albatta,  ularni eslash, yod etish san’at ihlosmandlariga ilhom bahsh etadi. Termiz shahridagi san’at saroyida viloyat musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi tomonidan O‘zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, o‘zbek teatr san’atining asoschilaridan biri Mannon Uyg‘ur xotirasining 125 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xotira kechasi keng nishonlandi. Kechada Mannon Uyg‘ur ilk bor musiqali janrda sahnalashtirilgan Halima sprektaklidan arealar havola etildi. Munosib izdosh sifatida o‘z faoliyatini boshlagan yosh rejissorlar Bunyod Imomov, Asilbek Safarovlar tayyorlagan ajoyib kompozitsiyalar ham tomoshabinlar e’tiboridan chetda qolmadi.

Tashkil etilgan xotira kechasida tomoshabin hukmiga havola etilgan spektakllardan parchalar, qahramonlar holati, aytilgan har so‘z tomirlardagi qondek jimirlab, yurakkacha yetib borganini olqishlar, iliq fikrlar yaqqol isbotlagandek. Haqiqatan ham taqdim etilganlari shunchaki maroqli. Miriqib tomosha zavqidan sel bo‘lish mumkin. Taassurotlar hayajoni esa anchagacha tark etmasa kerak. Buyuk insonlar yodi ana shunday his beradi insonga. Mannon Uyg‘ur san’at yo‘lidagi yo‘lchi yulduzga o‘xshaydi. U yoqqan san’at nuri ko‘ngillarimizni yoritib, ma’naviyat va ma’rifat ulashaveradi.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun