Viloyat hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq beshinchi sessiyasi bo‘lib o֥‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlar ishtirok etgan sessiyani Xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Abduraim Choriyev ochdi va boshqarib bordi.
Sessiya kun tartibidagi asosiy masalalardan biri — Prezidentimizning 2017 -yil 1- dekabrdagi “Nogironligi bo’lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosi yuzasidan viloyat Xalq ta’limi va Tibbiy ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmalari boshliqlari S.Hamidova hamda X.Mamarajabovlarning ma’ruzalari tinglandi va muhokama qilindi. O‘z navbatida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i S.Hamidova viloyatda xalq ta’limi tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha yillik hududiy dasturni tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan axborot berdi. Deputatlar tomonidan bildirilgan fikrlarga javob qaytardi.
Surxondaryo viloyati ma’muriy sudlari tomonidan o‘tgan yili mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan 762 ta qarorning 160 tasi haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ma’muriy ishlar to‘g‘risida viloyat ma’muriy sudi raisi
R.G‘ulomov hisoboti tinglandi va muhokama qilindi.
Sessiyada Prezidentimizning 2020-yil 24-noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining viloyatda ijro etilishi yuzasidan Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i A. Xudoyorovning ma’ruzasi eshitildi. Shuningdek, sessiyada Boysun, Denov, Sho‘rchi tumanlarida ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uy-joylarni buzib qayta qilishga ruxsat berish to‘g‘risida Xalq deputatlari viloyat Kengashining sanoat, transport, qurilish, kommunal soha va aholiga xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi hamda Kengashning yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyaning “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doir masalalari ko‘rib chiqilib, amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Sessiyada jami 12 ta masala muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
U.Normatov