Mintaqada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash borasida o‘tkazilib kelinayotgan ikki tomonlama o‘quv-mashg‘ulotlari “Termiz” poligonida davom etdi.
Yetti kun davomida ikki davlat harbiy xizmatchilari “Hamkorlik – 2021” qo‘shma o‘quvning asosiy fazasiga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Mehmonlar “Termiz” poligoni imkoniyatlaridan foydalanish bilan bir qatorda turli madaniy dam olish dasturlaridan bahramand bo‘lishdi. Ular uchun tadbir tashkilotchilari tomonidan Termiz shahrining tarixiy obidalarini namoyish etuvchi maskanlarga ekskursiya uyushtirildi.
“Termiz” poligoni o‘quv-taktik maydonidagi jangovar harakatlarni kuzatish uchun Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov hamda Qozog‘iston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Murat Bektanovlarni viloyat hokimi To‘ra Bobolov va boshqa rasmiylar Termiz xalqaro aeroportida kutib oldi.
Mehmonlar “Termiz” poligoni maxsus o‘quv nuqtalarida o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlarni kuzatishdan boshlandi. 45 ta to‘siqlardan iborat majmuamiy mahsus-taktik mashqlar yo‘lagi, otliq marafon kabi 50 ga yaqin o‘quv nuqtalarida mohirlik bilan harakat qilayotgan o‘zbekning Alpomishdek o‘g‘lonlarni barcha katta qiziqish bilan kuzatdi.
Shundan so‘ng “Hamkorlik – 2021” qo‘shma o‘quvi o‘quv-taktik maydonida davom etdi. Dasturga ko‘ra hamkorlikda harakat qilgan kuchlar chegara hududini buzib kirishga uringan noqonuniy qurolli guruhga qarshi jang olib borish jarayoni tashkillashtirilib, unda ellikdan ortiq harbiy texnikalar va uch yuzga yaqin harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Shartli dushman to‘dalarini yo‘q qilishda qiruvchi samolyotlar, jangovar vertolyotlar, zirhli texnikalar, artilleriya, motoo‘qchi bo‘linmalar, uchuvchisiz uchish apparatlaridan keng ko‘lamda foydalanildi. O‘quv dasturiga ko‘ra chegara hududini buzib kirishga uringan noqonuniy qurollangan jangari to‘dalarga qarshi jang olib borish jarayoni tashkillashtirilib, tomonlar keng ko‘lamli taktik- harakatlarni amalga oshirdi. Aniqlikda qilingan harakatlar natijasida shartli dushman tezda yakson qilindi.
“Hamkorlik – 2021” qo‘shma o‘quvi muvaffaqiyatli yakunlanib unda ishtirok etgan ikki davlat harbiy xizmatchilari tadbirning tantanali yopilish marosimi uchun saflandi. Unda so‘zga chiqqan har ikki davlat vakillari o‘quvning ahamiyati, va ikki davlat harbiy xizmatchilarining o‘zaro tajriba almashinishida bunday o‘quvlarning o‘rni muhim ekanligini takidladi. Shuningdek, qo‘shma o‘quvda faol ishtirokchilari har ikki davlatning Mudofaa vazirlarining buyrug‘iga ko‘ra fahriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday qo‘shma o‘quvlar harbiy hamkorlik sohasini rivojlantirish va jangovar birodarlikni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.