Qumqo‘rg‘on tumanida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida tumanning Mustaqillik mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ishsiz fuqarolarni band qilish, tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish, aholini kasb-hunarga o‘rgatish hamda yangi daromad manbalarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, oilalarni daromadli faoliyatga jalb etish va mahallalarning mavjud salohiyatidan kelib chiqib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Mas’ullarga topshiriqlar ijrosini ta’minlash, bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va oilalarning barqaror daromad manbalarini shakllantirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

