Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, profilaktika inspektorlarining mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi bilan ishlash borasidagi vakolatlari kengaytiriladi.
Endilikda profilaktika inspektorlari birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ogohlantirish berishi, mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq 4 turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin.
Shuningdek, ular tuman yoki shahar ichki ishlar organi rahbari vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish huquqiga ega bo‘ladi.
Qarorda profilaktika inspektorlarining xizmat mas’uliyatini oshirish, aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olishga alohida e’tibor qaratilgan.
Eng muhimi, inspektorlar faoliyati aholining ularga bo‘lgan ishonchi, xavf guruhidagi shaxslar o‘rtasidagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning takrorlanish darajasi kabi mezonlar asosida baholanadi.

