Aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bugungi kunda hududlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda Surxondaryo viloyatida samarali tajribalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida viloyat mutasaddilari hamda barcha shahar va tuman hokimlari ishtirokida Muzrabot tumanining Gulobod mahallasida amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda namunali xonadonda yo‘lga qo‘yilgan tomorqachilik, anorchilik, chorvachilik, biogumus ishlab chiqarish hamda ko‘rpa-yostiq tikish faoliyati namoyish etildi. Ushbu tajribalar orqali bir xonadonda bir nechta daromad manbalarini yaratish va oilalar farovonligini oshirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar yakunida mazkur tajribalarni viloyatning barcha hududlarida ommalashtirish hamda aholini daromadli mehnat bilan band etish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.

