O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-son Farmoni bilan davlat mulki obyektlarini ijaraga berish bo‘yicha bir qator imtiyozlar berildi. Xususan, ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab, ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara to‘lovlari bir oy davomida to‘langan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi, bundan chegirma qo‘llamaslik sharti bilan ijaraga berilgan hamda bir yildan kam muddatga tuzilgan va boshqa imtiyozlar qo‘llangan ijara shartnomalari mustasno.
Shuningdek, olti oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan obyektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlang‘ich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
— uch oydan ortiq muddatga o‘ttiz nafardan ziyod kasanachilarni belgilangan tartibda jalb qilgan va kasanachilik asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (ko‘rsatilgan xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari jami daromadining 60 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga hududlar kesimida belgilangan shartlar asosida 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat mulki obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlari 50 foiz miqdorida belgilanadi;
— nodavlat sport-ta’lim muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlari 2026-yil 1-yanvarga qadar
50 foizga kamaytiriladi;
— sport to‘garaklarini tashkil etish uchun mahallada bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
— moddiy madaniy meros obyektlarini investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga olgan tadbirkorlik subyektlari ular bilan shartnoma tuzilgan kundan boshlab besh yil muddatga ijara to‘lovining hisoblab chiqilgan qiymatining 80 foizi miqdorida ijara to‘lovini to‘lashdan ozod etiladi;
— hududlarda bo‘sh turgan va bir yildan buyon auksion savdolarida sotilmasdan turgan davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar, shuningdek, kasb-hunar kollejlarining foydalanilmasdan bo‘sh turgan binolari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi ishtirokchilariga (Dasturga kiritilgan Toshkent shahridan ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno) o‘z xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish hamda amaliy monomarkaz tashkil qilish uchun foydalanishga tanlov (talabgor yagona bo‘lganda — to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma) asosida ijara stavkasining minimal miqdori bo‘yicha ijaraga beriladi;
— Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor
(1 — 3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga sport to‘garaklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda ushbu obyektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining
50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;
— mahalliy ijro hokimiyati organlari tomonidan davlatning ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqining minimal stavkasini har yili belgilash chog‘ida sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan davlat mulki uchun ijara haqining minimal stavkasi 20 foizga kamaytiriladi;
— “Ayollar daftari”ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda imtiyoz berish shartlariga mos bo‘lganda ijara haqi 50 foiz miqdorda undiriladi;
— “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovlaridan taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxatida belgilangan mezonlarga muvofiq “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni ishga qabul qilganda umumiy ijara maydoniga nisbatan ijara to‘lovlaridan 50 foiz miqdorda imtiyoz berilishi belgilandi.
Bekzod Jumayev,
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish”
AJ viloyat hududiy vakili

