O‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida “Dolzarb 90 kun” loyihasi amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu loyiha doirasida maktab o‘quvchilari uchun “Kasb markazlari”ni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, viloyatdagi umumta’lim maktablari negizida tashkil etiladigan ushbu markazlar 10-17 yoshli o‘quvchilar uchun faol ta’lim va kasbga yo‘naltirish maydoni sifatida faoliyat yuritadi.
Markazlar orqali o‘quvchilar yozgi ta’til paytida ixtiyoriy ravishda qisqa muddatli kurslar orqali amaliy kasblar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Jumladan, hunarmandchilik, texnik yo‘nalishlar, xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar va kasbiy tajribalarga ega bo‘ladilar.
Tegishli mutasaddilarga barcha hududlarda “Kasb markazlari”ni samarali tashkil etish, ularda: hunarmandchilik, kulolchilik, yog‘och va metall o‘ymakorligi;
sartaroshlik, robototexnika, pazandachilik va qandolatchilik;
karving san’ati, tikuvchilik, kiyim dizayni;
fotografiya va video suratga olish, grafik dizayn, gulchilik;duradgorlik, avtotrinajor, kibersport, ot sporti;
SMM (Social Media Marketing): Instagram, TikTok, Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda kontent yaratish, reklama va targ‘ibot strategi kabi kasblarni o‘rgatish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish, ularning kasblarga bo‘lgan qiziqishlarini aniqlash hamda ushbu ma’lumotlar asosida kasblar ro‘yxatini yanada kengaytirish vazifasi topshirildi. Har bir hudud rahbarlari va sohaviy mas’ullardan markazlar faoliyatini samarali tashkil etish talab qilinadi.

