itoy — rivojlangan davlat. Butun dunyoda o‘zining texnika, texnologiyalari bilan o‘z o‘rnini mustahkamlay olgan istiqbolli mamlakat. Robotlar, aqlli mashinalar, tasavvurimizga-da sig‘dira olmagan ixtirolar qilinadigan davlatning aholini hayratlantirish, e’tiborini tortish oson ish emas.
Joriy yilning 25-27-aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining “Sichuan” shahrida “CITE—2025” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ko‘rgazmada 30 dan ortiq davlatning 200 dan ortiq pavilyonlari tashkil etildi. Albatta, har bir pavilyonda davlatlarning e’tiborga molik jihatlari haqida ma’lumot beriladi. Pavilyonlar bo‘ylab kezib, tomoshabinlar muhtasham arkaga duch kelishadi, uning ortida esa sharqona bezaklar ila e’tiborni tortuvchi ko‘rgazmaga guvoh bo‘lishadi. Har bir mehmonni o‘z qo‘rg‘onida mehmonnavozlik ila qarshi olayotgan surxoncha libosdagi go‘zal va barno qizlar esa qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha tavoze’ bilan tomoshga ixtiyor etganlarni pavilyonga taklif etadi. Ha, mehmonlarning Surxondaryo viloyati delegatsiyasi pavilyoniga kelib, bu yerda uzoq qolib ketishiga sabab sirli va noyob tabiati bilan olamni mahliyo etgan vohaning ko‘z olar go‘zalligidir.
Delegatsiyamiz a’zolari xitoyliklar-u boshqa davlatdan tashrif buyurgan mehmonlarni milliyligimiz, milliy san’atimiz, go‘zal tabiatimiz, betakror voha manzarasimiz bilan hayratlantirishning uddasidan chiqishdi.
An’anaga ko‘ra , kelgan mehmonga non va tuz tutib, tinchlik tilaymiz, o‘z do‘stligimizni namoyon etamiz. Pavilyonga kelganlar non va tuz bilan birga Surxon zaminida unib, quyosh tafti ila pishib yetilgan bolday shirin mayiz-u bodomlarimizdan tatib ko‘rishdi. Degustatsiya jarayonida totli tortiqlar mazasidan lazzat tuyganlar yurtimizga, Surxondaryoga qiziqib qolishdi. Shundan so‘ng, viloyatimiz delegatsiyasi a’zolari vohaning turizm salohiyati, boy madaniy merosi va san’at an’analarini keng targ‘ib qilishdi.
Tarixiy obidalar, tabiiy boyliklar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari, zamonaviy san’at namunalari namoyishi barchaning e’tiborini tortib, qiziqishini oshirdi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Surxon zaminining ekoturizm, madaniy va gastronomik turizm yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot, tadbirlari ham tashkil qilindi.
Ko‘rgazma davomida milliy sozlarimiz yangrab, folklor jamoalarining latofatli qizlari tomonidan surxoncha raqs ijro etdiki, ko‘rgazmaning kulminatsion nuqtasi shu bo‘ldi deyish mumkin. E’tiborli jihati, Surxondaryo pavilyonidan o‘tgan borki, tomoshaga berilib, raqqosa qizlarimiz bilan birgalikda raqsga tushib, ko‘ngil yozdilar, zavqqa to‘lib, madaniy hordiq chiqardilar.
— Bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma har bir davlatning delegatsiyasi uchun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi, — deydi viloyat Turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilmurod Xafizov. — Biz Xitoy bo‘ylab sayohat qilib, bir olam zavq olgan bo‘lsak, bu yerga tashrifimizdan ko‘zlagan maqsadimiz ham voha turizmini targ‘ib qilib, ularni Surxondaryoga chorlash edi. Qaysidir ma’noda maqsadimizga erishdik. Har bir ko‘rgazma ishtirokchisining e’tiborini tortib, turizm salohiyatimiz haqida to‘liq ma’lumot berdik. Umid qilamizki, tashrifimiz manfaatli bo‘lib, ko‘plab foydali kelishuvlarga ham erishamiz.
Mehmonlar Surxondaryo haqida suratlar, ta’rif-u tavsiflar, taomlarimiz va san’atimiz orqali, oz bo‘lsa-da, bilib oldilar. Vohaga mehmon bo‘lish istagi tug‘ilganini to‘lqinlanib so‘zlaganlar ham talaygina. Ishonchimiz komil, ko‘rgazmadan so‘ng, Surxondaryoga tashrif buyuradigan mehmonlar qilgan tanlovlaridan sira achinishmaydi, olam-olam taassurotlar olib, janubiy o‘lkaning bor jozibasini his etishadi.
Tadbir davomida viloyat delegatsiyasi xorijiy turistik kompaniyalar va investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, tomonlar sayyohlar oqimini o‘zaro ko‘paytirish, kadrlar tayyorlash, shuningdek, turizm sohasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qildilar.
Kelgusida o‘zaro hamkorlik va investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib bordi va qator kelishuvlarga erishishdi.
Sayyora ALLAYEVA