Bugun qayga boqmaylik o‘zgarish, yangilanishlarning guvohi bo‘lamiz. Xuddi shuningdek, jamiyatning barcha jabhalarida islohotlar epkini esmoqdaki, buni har birimiz sezib, kuzatib, his etib turibmiz. Ayniqsa, so‘nggi yillardagi tub o‘zgarishlar mohiyatida inson qadrining nechog‘lik ulug‘ ekani namoyon. Mazkur islohotlar zamirida aniq va rejali maqsad, qat’iyat, kuchli siyosiy iroda mujassam.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsad o‘z aksini topgan. Mazkur hujjat boy tajriba, keng jamoatchilik muhokamasi asosida ishlab chiqildi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu hujjatning sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Strategiyada belgilangan yo‘nalishlarning barchasida xalq manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yildi.
Strategiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ta’lim va fan sohasini rivojlantirish bo‘lib, unda barcha muammoli masalalarga yechim topilgan. Xususan, ta’lim va o‘qitish sifatini baholashning xalqaro standartlarini joriy etish asosida oliy ta’lim muassasalari faoliyatining sifati hamda samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini bosqichma-bosqich ko‘paytirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish kabilar muhim ahamiyatga ega.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi uzoq yillik rivojlanish strategiyamizni belgilab beruvchi muhim hujjatdir. Unda belgilangan maqsadlarning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi esa davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti ham aniq strategik maqsadni belgilab, ayni shu mas’uliyatli vazifani muvaffaqiyatli o‘tashi uchun tizimli ishlarni boshlab yuborgan.
Xususan, universitetni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi shakllantirilib, ishlab chiqildi. Mazkur strategiyada zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan tizimni shakllantiradigan muhim yo‘nalishlar belgilangan. Shu asosdagi ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim sohasidagi islohotlar zamonaviy tendensiyalarga mos holda rivojlanib bormoqda. Shubhasiz, sifatli ta’lim yangi marralarni egallashga olib keladigan eng oqilona yo‘ldir. Tub o‘zgarishlar esa, albatta, o‘zining ijobiy ko‘rsatadi.
Chori Begimqulov,
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti dotsenti

