MAHORAT NAMOYON, “IQTIDOR” AYON

Date:

San’atni tushunadigan, musiqa asbobini chertishingiz bilanoq ohangning ijro maromini biladiganlar qarshisida ijro etish har qanday yoshning qalbini hayajonga solishi aniq.
Aslida san’atkorga hayajon hamisha hamroh. Ana shu hayajon ila ijro yanada jonli chiqadi. San’at asarini baholashning siz-u bizga ayon bo‘lmagan mezonlari, talablari ham borki, buning uchun hakamlar hay’atining musiqiy bilim va tajribasi kifoya.
Termiz shahridagi San’at saroyida o‘quvchilarning musiqa borasidagi iqtidorini kashf etish maqsadida tashkil etilgan “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi ham murosasiz kechdi. “Iqtidor” maktab ansambllarining bir necha oylik mehnati-yu ijodiy izlanishlari ushbu tanlov bahonasida baholanadigan bo‘ldi.
Tanlov ko‘tarinki kayfiyatda, yuqori darajada tashkil etildi. Tumanlardan tashrif buyurgan maktab jamoalari tantanali kutib olindi. Shundan so‘ng, iqtidorli yoshlar jamoalari birma-bir o‘z san’atlarini namoyish etishdi. Allaqachon professional darajada ijro etish mahoratiga ega ansambllarning chiqishlari so‘ngsiz olqishlar bilan qo‘llab-quvvatlandi.
To‘g‘ri, tanlov davomida takror ijrolar, oson ijrolar ham bo‘ldi. Ammo ansambllar orasida ijrochilar yosh toifasidan ko‘ra og‘irroq, qiyinroq asarlarga ham qo‘l urishganki, buni tan olmaslikning, e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Bu esa bugungi yoshlar, haqiqatan ham, iqtidorli ekanligini ko‘rsatadi. Sho‘rchilik dutorchi qizlarning mahorat ila dutor chalishlari barchani ruhlantirgan bo‘lsa, Termiz shahrining sharafini himoya qilgan jamoa ham ijrosi ila tomoshabinlar mehrini qozondi. Sherobodliklar esa allaqachon anchayin tanilib, yosh yulduz darajasiga ko‘tarilishganini namoyon etishdi. Denovlik iqtidorlar ijrosi takrorlanmas bo‘ldi. Raqobat maydonida chiqib raqobatlashish oson kechmadi.
— Tanlov iqtidorli yoshlarni yuzaga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatli, — deydi Termiz davlat pedagogika instituti musiqa mahorati va madaniyati kafedrasi mudiri Najibullo Ergashev. — Yoshlarning musiqiy san’ati yuqori, hatto maktab darajasidan ham ko‘proq bilim va mahoratga ega ekanliklarini namoyon etishdi. Biz hakamlar bugungi tanlov davomida ijro etiladigan asarning mazmuni, ijro mahorati, sahna madaniyati, liboslarning mos tanlanishiga ham e’tibor qaratdik. Zero, viloyatimiz sharafini himoya qiladigan jamoa har tomonlama yetuk, mahoratli, did va nafosatli bo‘lishi kerak.
O‘quvchilarning musiqa san’ati borasidagi bilimlarini oshirish, iqtidorlarini aniqlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Iqtidor” tanlovida 1-o‘rin Denov tumanidagi 27-maktab jamoasiga nasib etdi.
— Maktablarda joriy o‘quv yilidan ansambllar tashkil etilgan bo‘lsa-da, bizning maktabda ancha yillardan buyon ansamblimiz mavjud edi, — deydi Denov tumanidagi 27-maktabning musiqa fani o‘qituvchisi, “Iqtidor” maktab ansambli jamoasi rahbari Umid Abdullayev. — Avvaliga xor jamoalar, keyinchalik ansambl shaklida faoliyat olib borayotgan jamoamda
10 nafar iqtidorli yosh g‘ijjak, doira, an’anaviy dutorlar, dutor bass kabi cholg‘u asboblarini mahorat ila chala olishadi. Tanlovning respublika bosqichiga puxta tayyorgarlik ko‘rib, albatta, muvaffaqiyat qozonamiz.
Sinchkov tomoshabinlar yaxshi bilishadi, katta sahnaga chiqqan murg‘ak iste’dodlar o‘z san’atlarini, mahoratlarini namoyish etisharkan, hayajonlanishdi. Ko‘zlar quvonchi, yuraklar hapqirig‘i ila chertilgan sozlardan ajib navolar yangradi. Mana shunday iqtidorlar bor ekan, milliy san’atimiz o‘lmaydi, balki yanada jilolanib, sayqallanib, avlodlardan avlodlarga o‘tib boraveradi.

S.Allayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Musiqa terapiya assotsiatsiyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda musiqa terapiya sohasini rivojlantirish va uning zamonaviy tibbiyotdagi...

Tarbiyalanuvchilar uchun avtobus ajratildi

Boysun tumanining chekka hududlaridagi bolalar uchun maxsus avtobus ajratildi....

Narxlar barqaror

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik nafaqat issiqlik ta’minoti yoki energiya masalasi,...

Yangi o‘quv markazlari tashkil etiladi

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida rektor Rasul To‘rayev...
KunTun
KunTun