O‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “E Voh–2026” olimpiadasida Sho‘rchi tumanidan Xazratqulova Shoxsanam barcha ishtirokchilar orasida yuqori natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Xalqaro Nordik universiteti hamkorligida respublika miqyosida tashkil etilgan mazkur olimpiadada mamlakatimizning turli hududlaridan jami 15 903 nafar pedagog ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Dastlabki onlayn saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 72 nafar ustoz esa final bosqichida o‘z bilim va kasbiy mahoratini namoyish etdi.
Olimpiada yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar quyidagicha aniqlandi:
- Oltin medal — Xazratqulova Shoxsanam (Surxondaryo viloyati).
- Kumush medal — Nurullayeva Gulshan (Toshkent shahri).
- Bronza medal — Dadaboyeva Mohira (Toshkent viloyati).
Xazratqulova Shoxsanamning ushbu yutug‘i uning bilim va kasbiy mahorati, o‘z ustida olib borgan izchil izlanishlari samarasidir. Mazkur muvaffaqiyat Surxondaryo viloyati pedagoglarining salohiyatini namoyon etib, ta’lim sohasi vakillari uchun munosib e’tirof bo‘ldi.

