Termiz shahrida “Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish” mavzusida hududiy seminar-trening o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi bosh konsultanti Aziz Abidov, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisi insonparvarlik mezonlari bo‘yicha milliy loyiha xodimi L. Maqsudova, YXHT xalqaro ekspertlari Olena Cherniavska va Dainius Radzevicius, shuningdek, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi jurnalist va blogerlarning sud organlari faoliyati hamda sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida xolis, ishonchli va professional tarzda yoritish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, sud ishlariga oid axborotlarni keng jamoatchilikka yetkazishda qonunchilik talablariga rioya etish, faktlarni aniq tekshirish va voqealarni biryoqlama talqin qilmaslikning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar-trening davomida sud organlari faoliyatini yoritishning huquqiy asoslari, sud jarayonlarida ochiqlik va oshkoralik prinsiplari, axborot taqdim etishda xolislikni ta’minlash hamda jurnalistik etika qoidalariga amal qilish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar o‘zaro fikr va tajriba almashib, sud ishlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish jarayonida uchraydigan dolzarb muammolar hamda ularning yechimlari yuzasidan mulohazalar bildirdilar.
Bunday amaliy tadbirlar jurnalist va blogerlarning kasbiy mahoratini oshirish, sud hokimiyati faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilikka qonuniy, xolis va ishonchli axborot yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dinara Qo‘zimurotova

